Ikkinchi jahon urushiga 80 yil: O‘zbekistondan olib ketilgan askar, ishchi, qurol, oziq-ovqat va pullar

Tahlil

image

70-80 million inson halok bo‘lgan Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekiston aholisining 1/3 qismi safarbar qilingan. Mamlakatga evakuatsiya qilinganlar soni esa 1,5 milliondan ortiq edi. Umuman olganda, urush davri butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan. Sobiq Sovet Ittifoqi uzra “stalincha” vahshiy va adolatsiz siyosat gurkurayotgan bir paytda o‘zbek xalqi o‘zga mintaqalarni qamrab olgan navbatdagi jahon urushida ishtirok etdi.

O‘zbekistondan jahon urushiga...

Ikkinchi jahon urushining 1939 yilda Adolf Gitler boshchiligidagi fashistlar Germaniyasining Polshaga bostirib kirishi bilan boshlangani aytilsa-da, aslida bu Birinchi jahon urushidan keyingi hal qilinmagan masala va keskinliklarning muqarrar jamlanmasi edi. Dastlab Yevropa mintaqasida bo‘y cho‘zgan urush fashistlar Germaniyasining 1941 yilning 22 iyunidagi hujumi bilan SSSR hududiga kirdi. O‘sha kuni “Ulug‘ vatan urushi” deb nomlangan 4 yillik og‘ir va qora kunlar boshlangandi.

Jahon arxivlari o‘rganilib, yangi topilgan ma’lumotlar tahlil qilinganida O‘zbekistondan 1 million 950 ming 700 kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Bu har uchta o‘zbekistonlikning bir nafari urushda ishtirok etganini anglatadi. Ularning 538 mingdan ko‘prog‘i halok bo‘lgan, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, 870 mingdan oshig‘i turli jarohatlar olgan, 60 ming nafardan ziyodi esa nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekiston yetkazib bergan harbiy texnika, pul va oziq-ovqatlar

O‘zbekiston urush davrida frontga eng qimmat resurs hisoblangan inson, shuningdek, barcha zaruriy ehtiyojlarni yetkazib bergan. Xususan, harbiy-texnik, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari shular jumlasidan.

O‘sha davrda sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turilgan. Ma’lumolarga ko‘ra, mamlakat urush yillarida front uchun 2 ming 100 ta samolyot, 17 ming 342 ta aviamotor, 2 million 318 ming dona aviabomba, 60 mingga yaqin harbiy-kimyoviy apparatura, 22 million dona mina va 560 ming dona snaryad, 1 million dona granata, 330 mingta parashyut, harbiy ehtiyoj uchun 100 ming kilometrdan ortiq turli simlar, minalarni aniqlab beruvchi 4,5 ming dona qurilma, 2 million 861 ming dona armiya etiklari va 59 mingdan ortiq ot va ko‘pgina boshqa harbiy anjomlar yetkazib bergan.

Urushning og‘ir davrida O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylantirilib, yangi ishlab chiqarish sohalari – samolyotsozlik, va dastgohsozlik, qurol va o‘q-dorilar, elektr jihozlari va front ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari yaratilgan edi.

Bundan tashqari, jang maydonlarida jonbozlik ko‘rsatayotganlar uchun birlamchi ehtiyoj vositalari hamda pul mablag‘lari ham uzluksiz yetkazilgan.

“O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” kitob-albomida yozilishicha, O‘zbekiston aholisi 1941-1943 yillar davomida mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston jang maydonlariga oziq-ovqat yetkazib berishda ham mislsiz harakat qilgan. Chunonchi, 1 million 282 ming tonna g‘alla, 482 ming tonna kartoshka va sabzavot, ming tonna poliz mahsuloti, quruq va ho‘l mevalar shular jumlasidan.

Tarixchi professor Hamid Ziyoyevga ko‘ra, urushning to‘rt yili davomida O‘zbekiston 4 million 806 ming tonna paxta, 54 ming 67 tonna pilla, 1 million 66 ming tonna g‘alla, 195 ming tonna sholi, 108 ming tonna kartoshka, 374 ming tonna sabzavot va ho‘l meva, 35 ming 289 tonna quruq meva, 57 ming 444 tonna uzum, 1 million 593 ming tonna go‘sht, 5 million 286 ming dona teri yetkazib bergan.

Mehnatiga rahmat olmagan o‘zbek

Rossiyadagi harbiy sanoat zonalariga 155 ming kishidan iborat “Ishchi bataloni”da o‘zbeklarning talay qismi safarbar qilingan. Ularning ko‘pchiligi qishloq aholisi bo‘lib, rus tilini bilmasligi va sovuq havoga moslashmagani ortidan ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Yashash sharoitlarining og‘irligi va eskirgan kiyimlarda ishlashlari oqibatida nihoyatda azob-uqubat chekkan. Urush yillarida ayni navqiron yoshda bo‘lib, hodisalarga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lgan professor Ziyoyev Rossiyaga olib ketilgan ishchilarning keyingi taqdiri haqida shunday deydi:

“Men o‘zim Sibir gospitalida davolanayotganimda, o‘lkamizdan borganlarning gadoychilik qilib yurganiga guvoh bo‘lganman. Ularning soch-soqollari o‘sgan, kiyimlari yamalgan va kir bosgan edi. Ularning aytishiga qaraganda, ochlik va kasallikdan o‘layotganlar oz bo‘lmagan. “Ishchi bataloni”dagi kishilar Novosibirsk, Moskva, Tula, Boshqirdiston, Tatariston va boshqa joylardagi sanoat korxonalari va konlarda yarim och holda mehnat qilganlar. Kim qanchasi ona yurtidan uzoq joylarda kafansiz ko‘milgan”.

Ta’kidlash kerakki, harbiy sanoat korxonalariga mardikor sifatida olib ketilgan ushbu o‘zbekistonlik ishchilar mehnatiga yarasha hurmatga loyiq ko‘rilmagan. Ularning orasida og‘ir sharoitlarga qaramasdan, belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarganlari ko‘p bo‘lgan. Ammo mehnatga haq to‘lashda katta tafovutlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Kirov zavodi ishchilaridan biri

“Xarkov zavodi ishchilari rejani 100 foizga bajarsa, 1000 gramm non oladi. Men 150 foizga bajarsam-da, 700 gramm non olyapman”, deb ta’kidlagan.

Tadqiqotchi Obidjon Alimovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodan borgan ishchilarning oylik maoshlari juda kam bo‘lgan. Ular to‘yib ovqatlanmagan.
O‘zbekistondan borganlarning juda katta qismi turarjoyga ega bo‘lmasdan zavod va fabrikalarda yotgan. Chelyabinsk hududidagi metallurgiya zavodi ishchilarining eslashicha: metall quyish zavodidagi o‘zbeklar rus tilini bilmagani va buyruqlarni to‘liq tushunmagani sababli vazifalarni juda yomon bajargan. Ular qo‘llarini cho‘zib kechirim so‘rar, ishni tugatmagani uchun kaltaklanib, non ratsionidan mahrum qilinar edi. Ular haddan tashqari gigiyenaning yo‘qligi, dori-darmon va oziq-ovqatning yetishmasligi va issiq kiyimga ega bo‘lmaganidan aziyat chekkan. Vafot etganlarni avval boshida diniy qoidaga ko‘ra “oq kafan”ga o‘rab ko‘mishgan. Keyinchalik kafanlik uchun mato berilmaganidan so‘ng, vafot etganlar kafansiz ko‘mib yuborilgan. Tadqiqotchi ularni “qurolsiz askar” deb ataydi:

“Sanoat korxonalarida ishlash malakasiga ega bo‘lmagan va rus tilini bilmagan “qurolsiz askarlar” xo‘rliklar, kasallik, ochlik kabi og‘ir kunlarni boshdan kechirishlariga qaramasdan g‘alaba uchun oxirgi kuchi qolguncha mehnat qilgan”.

Bundan ko‘rinadiki, urush hududlaridan evakuatsiya qilingan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana bergan, 250 ming yetim bolaga mehr-oqibat ko‘rsatib, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rgan o‘zbekning harbiy sanoat korxonalaridagi mehnatlari davomida hatto yotoq joy, kiyim va non kabi birlamchi ehtiyojlari ham qondirilmagan va o‘zlari adolatsiz munosabatga duch kelgan.

Bir umr yorini kutgan ayol, 13 fashistni urib o‘ldirgan yigit va urushdan qaytmagan uch aka-uka – urush qahramonlari

Xorij filmlarida ko‘p bora guvoh bo‘lganimiz, uzoq yillar juftini kutib o‘z sadoqatini namoyon qilgan ayol siymosi eri urushga ketib, qaytmagan minglab o‘zbekistonlik ayollarda ham mujassam. Ulardan biri urushda halok bo‘lgan qashqadaryolik Soli Rajabovning bevasi Chinni aya Kamolova edi. Uylanganiga bir necha oy bo‘lib-bo‘lmay, Soli Rajabov urushga yo‘l oladi, 18 yoshli kelinchak Chinnixon esa yolg‘iz qoladi. Urush tugab, tinchlik davri boshlansa-da, Soli Rajabov qaytmaydi, ammo Chinni aya uni umrining oxirigacha kutadi...

Beshafqat urush o‘chog‘ida millionlab o‘zbek farzandi jon olib, jon bergan. Shunday qahramonlardan yana biri dushman bilan kechgan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘l jangida 13 fashistni o‘ldirgan 18 yoshli Shodi Shoimov edi. 385-o‘qchi diviziya safida jang qilayotgan o‘zbek pahlavoni 1944 yilning 27 iyunida Belarus hududidagi Dnepr daryosini kechib o‘tish chog‘ida fashistlar bilan yuzma-yuz olishadi. Kurash davomida olgan tan jarohatlari oqibatida esa 28 iyunda vafot etadi. Shundan so‘ng, u Sovet Ittifoqi Qahramoni bo‘ladi. O‘zidan bir dona ham surat qoldirmagan Shodi Shoimovning byustini tiklash uchun oradan yillar o‘tib singlisi Tilovatning rasmidan foydalaniladi. Bu surat hozirda Belarusning Dashkovkadagi muzeyida saqlanmoqda.

Aslida urush davrida front va front ortida xizmat qilgan har bir o‘zbek qahramon edi. Garchand hech qanday unvon va ordensiz bo‘lsa ham. Urushning sovuq nafasi kirib bormagan xonadon qolmagan. Hattoki, bir emas, bir necha farzandi urushga safarbar etilgan oilalar ham ko‘p edi. Shunday qismat boysunlik uch aka-uka Hasanovlarni ham o‘z domiga tortdi. Besh o‘g‘ilni o‘stirayotgan Hasan ota va Bibisora aya cheksiz nadomat bilan pahlavondek uch o‘g‘lini birin-ketin urushga jo‘natadi. Yigitlarning onasi Bibisora aya kolxoz raisidan nega o‘g‘illarining uchalasi ham olib ketilayotganini so‘raganida u “ko‘pdan ko‘p olinadi”, deb javob beradi. Hali uylanib ham ulgurmagan Hasanov Bozor, Hasanov Bobonazar va Hasanov Xidirnazar ismli bu aka-ukalar boshqa qaytib kelmaydi.

“Otam uch akasining qaytmaganidan momomiz Bibisora ayaning ichikib o‘tganlarini ko‘p aytar edi”, deydi yigitlarning ukasi Chori Hasanovning qizi Oyimgul Hasanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urushdan qaytgan qishloqdoshlarining biri jang maydonlarida aka-ukalarning birini ko‘rib qolib, suhbatlashgani va uning razvedkada xizmat qilayotgan bo‘lganini aytgan. Shunda yigit “muhim topshiriq bilan ketayotgani va qayta ko‘rishmasliklari mumkinligi”ni bildirgan va shunday ham bo‘lgan.

Urushdan to‘xtamayotgan dunyo

20 million inson o‘limiga sabab bo‘lgan Birinchi jahon urushi va 80 million inson vafot etgan Ikkinchi jahon urushini ko‘rgan dunyo hamon urush ichida yashamoqda. Uzoq yillardan buyon tinchimayotgan Yaqin Sharq: G‘azo va Isroil hamda Suriya, uch yildirki nihoya topmayotgan Rossiya va Ukraina hamda yana keskinlashayotgan Hindiston va Pokistondagi vaziyat bunga misol. Aslida ro‘yxat bundan ham uzun.

“Urushni siyosatchilar boshlaydi, boylar qurol sotadi, xalq farzandini beradi. Urush tugaydi. Siyosatchilar kelishuvga erishadi. Boylar yana pul topadi, ammo xalq farzandini qaytarib ola olmaydi”, degan haqiqat o‘z isbotini topmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ikkinchi jahon urushi front o'zbek askarlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing