Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 30 mln so‘mdan beriladi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistondagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 30 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi. Bu haqda bugun, 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berilishi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, har yili mamlakatda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi O‘zbekistonda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun xalq orasida sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasi hisoblanadi.

Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilingan.

Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

“Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistonda yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 AQSH dollari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilgan edi. Shuningdek, 2024 yilda bu summa 20 mln so‘mni tashkil qilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Ikkinchi jahon urushi pul mukofoti mehnat faxriylari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing