Ikkinchi jahon urushiga 75 yil: Toshkentda g‘alaba bog‘i barpo etiladi

Jamiyat

image

Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga 75 yil to‘lishi munosabati bilan Toshkent shahrida G‘alaba bog‘i barpo etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanishi kutilayotgan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Qaror bilan:

•    Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar dasturi;

•    Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi;

•    Toshkent shahrida barpo etiladigan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi qabul qilinadi. 

Quyida Toshkent shahrida barpo etiladigan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi bilan tanishishingiz mumkin.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli Ikkinchi jahon urushida 1 yarim milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak yo‘qolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

O‘zbekistonlik 120 mingdan ziyod askar va ofitser jang maydonlaridagi jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan. Ularning orasida 280 nafar Sovet Ittifoqi Qahramoni, 82 nafar uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan jasur insonlar borligini alohida ta’kidlash lozim.

O‘sha olovli yillarda O‘zbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – g‘alaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz og‘ir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi.

Yurtimizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, ko‘plab
qurol-yarog‘lar, harbiy-sanitariya poyezdlari, yuzlab dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

O‘zbekiston ahli urush hududlaridan ko‘chirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, o‘z nonini ular bilan baham ko‘rdi. Ayniqsa, ota-onasi, oilasidan judo bo‘lgan 200 ming nafar begunoh bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bag‘riga bosib, mehr-muruvvat ko‘rsatdi.

Albatta, bu raqamlar – shunchaki statistik ma’lumotlar emas. Bu raqamlar boshimizdan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, bugungi tinch va go‘zal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Bu o‘zbek xalqi jasoratining qisqacha bir ta’rifi xolos. O‘tgan urushli kunlarni abadiy yod etish, xalqimizning fidoyi va insonparvarlik xususiyatlarini to‘liq anglash va ota-bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va fidoyi insonlari, xususan jafokash onalarini e’tirof etish maqsadida G‘alaba bog‘ini barpo etish maqsadga muvofiqdir.

1-bob. G‘alaba bog‘ini tashkil etish va uning asosiy yo‘nalishlari

1. G‘alaba bog‘i Ikkinchi jahon urushi maydonlarida hamda mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat ko‘rsatgan barcha yurtdoshlarimizga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning nomlarini abadiylashtirish, o‘zbek xalqining buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini keng miqyosda yoritish hamda
yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, urush asoratlarini hech qachon unutmaslikka chorlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etiladi.

2. G‘alaba bog‘i aholining tabiiy muhit sharoitida dam olib, madaniy-hordiq chiqarishi, tarix bilan hamnafas bo‘lgan holda o‘tganlar xotirasini yod etib, ularga hurmat bajo keltirish, shuningdek, o‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini ochib berishga qaratilgan ko‘p qirrali madaniy-ma’rifiy
va ijodiy-ishlab chiqarish maskani hisoblanadi.

3. G‘alaba bog‘ining asosiy vazifasi o‘tganlar xotirasini yod etish, o‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini har tomonlama keng targ‘ib va tashviq etish, Ikkinchi jahon urushining ayanchli asoratlarini unutmaslik, doimo ogoh bo‘lishga chorlash, shuning bilan bir qatorda aholining mazmunli dam olishi, ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish, madaniy-ommaviy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkazish, yoshlarni Vatanga sodiqlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ladi.

4. G‘alaba bog‘i tarixning murakkab davrida O‘zbekiston xalqining mardligi va jasoratini namoyish qilish, jamiyatda, xususan yosh avlodda xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasiga nisbatan hurmat va ehtirom tuyg‘usini uyg‘otishga xizmat qiladi.

5. Bog‘ 8 ta bo‘limdan iborat bo‘ladi:

a) darvozaning kirish qismi yo‘nalishi markazida katta monumental xaykallar majmuasini barpo etish. Bu xaykal majmuasiga Zulfiya Zokirova
va uning frontdan qaytmagan besh o‘g‘li, sadoqatli kelinlari ramziy ko‘rinishi asos qilib olinadi. Yon qismiga 3 tilda Zulfiya Zokirovaning hayoti va o‘g‘illari xaqida qisqacha ma’lumot hamda fotosuratlar qo‘yiladi;

b) bog‘ning o‘ng tomonidan boshlab, Ikkinchi jahon urushi davrida qo‘llanilgan harbiy texnikalar, qurol-aslahalar joylashtirilib, urush davriga oid instalyatsiyalar (blindaj, okop, dala tibbiyot punkti, dala oshxonasi, partizanlar shaharchasi va hokazolar) bog‘ aylanasi bo‘ylab, yaxlit bir kompozitsiya sifatida barpo etiladi;

v) O‘zbek generali Sobir Raximov jasorati haykal kesimida alohida qayd etiladi;

g) 101 nafar o‘zbek jangchilariga ramziy monumental haykal o‘rnatiladi. Ularning ism, familiyalari birma-bir monumental haykal poyiga yozib qo‘yiladi, shuningdek, ekranda film namoyish etiladi;

d) amfiteatr bog‘ning badiiy dasturlar uchun mo‘ljallangan qismida tashkil etilib, u yerda bayram va tarixiy sanalarda harbiy orkestr, badiiy jamoalarning konsert dasturlari tashkil etiladi;

ye) kitob shaklidagi turniketning ko‘p saxifali betlarida:

Sovet Ittifoqi Qaxramonlari;

“Moskva mudofaasi uchun”;

“Kavkaz mudofaasi uchun”;

“Stalingrad mudofaasi uchun”;

“Budapeshtni ozod qilish uchun”;

“Berlin olingani uchun”;

“Germaniya ustidan qozongan g‘alaba uchun” medali soxiblari ism, familiyalari qayd etiladi.

j) bog‘ning bir tomoniga Ikkinchi jahon urushi davridagi blindaj va okopning tabiiy ko‘rinishi va yer osti qismida urushga oid bo‘lgan osori atiqalar (xarbiylarning xatlari, idishlari, kiyimlari, hujjatlari, shaxsiy buyumlari, fotosuratlari va x.z.) namoyish etiladi. Radiokarnay orqali urush davridagi musiqalar va xabarlar asosida tarixiy muhit yaratiladi;

z) ochiq pavilonda bolalarni o‘z bag‘riga olgan o‘zbek oilalari, xususan, Shoabduraxmonovlar va boshqa oilalar xaqida fotoko‘rgazma tashkil etiladi;

i) O‘zbekistonda yashab ijod qilgan bir qancha ilm-fan, madaniyat va san’at namoyondalari xaqida ma’lumot beruvchi devoriy panno yaratiladi. (A. Axmatova, I. Virta, S. Gorodetskiy, A. Deych, K. Zelinskiy, Ya. Kalas, N. Pogodin, A. Tolstoy, V. Yan va boshqalar);

k) bog‘ning yakuniy qismida kartinalar galereyasi tashkil etiladi
va Ikkinchi jahon urushi, uning oqibatlari, xalqning urushga munosabati, Vatan fidokorlari va qaxramonlari kabi yo‘nalishlarda muntazam ravishda ko‘rgazmalar tashkil etib boriladi. Ushbu ko‘rgazmalarni tashkil etishda muzeylar bilan bevosita hamkorlik qilinadi.

2-bob. G‘alaba bog‘ini tashkil etish mexanizmi

6. G‘alaba bog‘i 2019-2020 yillarda Toshkent shahri markazida barpo etiladi.

7. Bog‘da O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi hissasini 
aks ettiruvchi “Matonat madhiyasi” katta monumental xaykallar majmuasi, Ikkinchi jahon urushi davrida qo‘llanilgan harbiy texnika va qurol-aslaha, urush davriga oid turli instalyatsiyalar (blindaj, okoplar va hokazolar), elektron panolar (ekranlar), badiiy dasturlar uchun mo‘ljallangan amfiteatr, 100 o‘rinli kinoteatr, kitob shaklidagi turniketlar hamda muzey, ochiq pavilon ko‘rinishidagi ko‘rgazma zali va boshqa madaniy-ma’rifiy ob’ektlar tashkil etilib, bunda:

bog‘da o‘rnatilgan “Matonat madhiyasi” katta monumental xaykallar majmuasi G‘alaba bog‘ining asosiy ramzi etib belgilanadi;

bog‘ga tashrif buyuruvchilar uchun axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish faoliyati tashkil etiladi;

xalqimizning fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida eksponat va arxiv ma’lumotlar to‘plash, saqlash, namoyish etish keng jamoatchilikka tanitish maqsadida “Shon-sharaf muzeyi” va kichik ko‘rgazma zali faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

3-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

8. Konsepsiyani amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishiladi:

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaga hissa qo‘shgan vatandoshlarimiz hayoti, jasorat va matonatini aholining keng qatlamlari, shu jumladan yoshlar, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan yanada chuqurroq o‘rganish uchun zamin yaratiladi;

o‘z tariximizni, ajdodlarimizga xos jasorat va matonat tuyg‘usini, jangovar an’analarni kelgusi avlodlarimizga meros qilib qoldirishga erishiladi;

yosh avlod ongiga Vatanga sadoqat va uning taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘usini singdirib, ularda yot g‘oya va qarashlarning salbiy ta’siriga qarshi mafkuraviy immunitet shakllantiriladi;

aholini, shu jumladan yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun zarur bo‘lgan madaniy-ko‘ngilochar ob’ektlar barpo etiladi va turli ko‘rinishdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun keng shart-sharoitlar yaratiladi;

bog‘da zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi, mamlakatimiz tarixi va milliy madaniyatini yanada keng tadqiq va targ‘ib etish jarayonida innovatsion g‘oyalar va texnologiyalardan samarali foydalaniladi.

9. Konsepsiyaning amalga oshirilishi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaga hissa qo‘shgan vatandoshlarimizning ko‘rsatgan jasorati va matonatini yanada chuqurroq o‘rganish, yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib barkamol shaxs sifatida shakllantirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ikkinchi jahon urushi G'alaba bog'i

Baholaganlar

63

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing