Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida Aliyev va Pashinyan eng ko‘p kimga qo‘ng‘iroq qilgan?
Olam
−
11 yanvar
11553Kecha, 10 yanvar kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga bergan intervyusida Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida telefonda eng ko‘p gaplashgan kishilarning ismlarini ma’lum qildi.
“Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida Turkiya va Rossiya rahbarlari bilan qo‘ng‘iroqlashganman. Bu tabiiy, chunki Turkiya yetakchisi urushning birinchi kunidan to oxirigacha biz bilan birga bo‘ldi. Uning Ozarbayjonni siyosiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlagani ko‘pchilikka ma’lum”, degan Aliyev.
Ozarbayjon Prezidenti, agar mamlakat oldida jiddiy xavf paydo bo‘lsa, birinchi qo‘ng‘iroq qiladigan kishi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bo‘lishini urg‘ulagan.
Ilhom Aliyev diplomatik mavqedoshlariga kam hollarda qo‘ng‘iroq qilishini aytgan. Odatda qandaydir mavzu yuzasidan, favqulodda vaziyatlarda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoki Prezident yordamchisi orqali hamkor davlat rahbarlari bilan bog‘laniladi. Aliyevning bildirishicha, u o‘z odati bo‘yicha, prezidentlarga faqat ularning tug‘ilgan kunida qo‘ng‘iroq qiladi.
Aliyevdan farqli o‘laroq, 2020 yilning 27 sentyabridan 10 noyabriga qadar davom etgan 44 kunlik Ikkinchi Qorabog‘ urushida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan dunyo yetakchilariga jami 19 marta qo‘ng‘iroq qilgan. Ushbu ma’lumot Armaniston Bosh vazirining veb-saytida e’lon qilingandi.
Ro‘yxatda quyidagi siyosatchilarning nomlariga duch kelishimiz mumkin:
- Rossiya Prezidenti Vladimir Putin – 5 ta qo‘ng‘iroq
- Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron – 3 ta qo‘ng‘iroq
- Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel – 3 ta qo‘ng‘iroq
- BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish – 1 ta qo‘ng‘iroq
- Eronning sobiq prezidenti Hasan Ruhoniy – 1 ta qo‘ng‘iroq
- Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel – 1 qo‘ng‘iroq
- Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko – 1 qo‘ng‘iroq
- AQSHning 45-prezidenti Donald Trampning sobiq maslahatchisi Robert Orben – 1 ta qo‘ng‘iroq
- Avstriya Bosh vaziri Sebastyan Kurs – 1 qo‘ng‘iroq
- Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte – 1 ta qo‘ng‘iroq
- Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo – 1 ta qo‘ng‘iroq
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 24 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning tug‘ilgan kuni bilan tabriklash uchun qo‘ng‘iroq qilgan edi.
LiveBarchasi