Ikki yildan buyon nog‘orani kimga chalyapmiz? – Norboyeva
Jamiyat
−
21 dekabr 2020
16440O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva mamlakatda ayollarning rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi xo‘jako‘rsinga bo‘lmasligi kerakligini aytmoqda. Uning qayd etishicha, rahbarlikka tayinlanayotgan ayollar faqat ayol bo‘lgani uchun emas, balki bilimi va tajribasi bilan boshqalardan ustun bo‘lgani uchun ham shu lavozimni egallayotganini tan olish kerak. Bu haqda Norboyeva bugun, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining yig‘ilishida gapirdi.
Yig‘ilishda Norboyeva qo‘l telefoni orqali ijtimoiy tarmoqdagi ayrim fikrlarni o‘qib eshittirdi.
“Gender tengligi sun’iy yo‘llar bilan emas, tabiiy ravishda amalga oshirilishi kerak. Ya’ni rahbarlikka 6 ta nomzod bo‘lsa, shulardan 5 tasi erkak, 1 tasi ayol bo‘lishi kerak. Ayolning aynan ayol bo‘lgani uchun emas, 5 ta erkak nomzoddan ko‘ra tajribali, bilimli, shu “kreslo”ga loyiq bo‘lgani uchun tayinlash kerak”, deb yozgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
“Shu haqida gapiryapmiz biz ham. Ikki yildan buyon nog‘orani kimga chalyapmiz? Biz ham shunday bo‘lsin deyapmiz”, deydi Norboyeva.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o‘z fikrida sobit davom etarkan, “shunchaki ayol bo‘lgani uchun tayinlangan hokimalarimizdan esa shu paytgacha yaxshi yangilik eshitmadik”, deb mulohazalarini yakunlaydi. Norboyeva esa unga o‘sha hokimlar rahbarlik qilayotgan tumanlarga borib, ularning faoliyati bilan tanishishni tavsiya etdi.
“Ayolni ayol bo‘lgani uchun rahbarlikka tayinlaydigan bo‘lsak, ancha yillar oldin ancha yillar oldin tayinlab qo‘ygan bo‘lar edik. Biz 6 ming nafar ayolni maxsus rahbarlik lavozimlariga tayinladik. Bundan xulosa qilib olishingiz mumkinki, biz ayollarni deputatlik, senatorlik, hokimlikka yoki boshqa lavozimlarga tavsiya qilayotgan bo‘lsak yoki ularni tayinlab qo‘yib, ish beruvchilarga, siyosiy partiyalarga bergan bo‘lsak, ana o‘shalarning ichidan ayollar o‘zining salohiyati va bilimi bilan yutib chiqdi. Saylovda hech kim aralashgani yo‘q. Ular erkaklardan afzal bo‘lgani uchun, 32 foiz ayollar deputatlikka saylovda yutib chiqdi. Hech kim ularni ayol bo‘lgani uchungina deputatlikka saylagani yo‘q. Xalq ham yopiq shaklda ovoz bergan. Shuning uchun men bunday fikrlarni biroz o‘ylab yozish kerak, deb o‘ylayman. Bir tomonlama qarash kerak emas. Men har doim Gender komissiyasining raisi sifatida o‘z pozitsiyamni e’lon qilganman. Nafaqat o‘zim, balki Gender komissiyamizning pozitsiyasi: ayol kishini faqat ayol bo‘lgani uchun rahbarlik lavozimiga qo‘yish kerak emas, u faqat erkakdan ustun bo‘lsagina, talablarga teng javob bersagina rahbar lavozimiga tanlab olinishi kerak”, deydi Tanzila Norboyeva yuqoridagi fikrlarga javoban.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyatining Bo‘ston tumani, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Qashqadaryo viloyatning Qarshi tumaniga ham ayol hokimlar tayinlangan edi.
LiveBarchasi