Ikki nafar turkiyalik O‘zbekistonda hibsga olindi. Ular jinoyatda ayblanmoqda
3-sahifa
−
20 Oktabr 2020
21506Toshkentda mehmon bo‘lib turgan ikki nafar turkiyalik fuqaro qalbaki 110 ming AQSH dollari bilan o‘zbekistonlikni chuv tushirmoqchi bo‘lishdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida xabar berildi.
Joriy yilning 8 oktyabr kuni soat taxminan 17:20 larda o‘zini Ismoil va Murod deb tanishtirgan Turkiya fuqarolari o‘zbekistonlik To‘xtaboy bilan olmos ko‘zli uzukning narxini kelishishadi. 110 ming AQSH dollari qalbaki pullarni uzuk egasiga berib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishadi.
Oradan bir kun o‘tib, 9 oktyabr kuni jabrlanuvchi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi navbatchilik qismiga murojaat qilib, pullar qalbaki ekani, qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishini so‘raydi.
Qalbaki pullar bilan fuqaroni chuv tushirgan turkiyalik ikki mehmon Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
“Men va Ismoil bu ishni rejalashtirdik. Bu yerda To‘xtaboy ismli shaxs bilan tanishdik. Unda qimmatbaho uzuk bor ekan. Biz uni restoranda qalbaki pullar bilan sotib oldik. U bizga ishondi. Men qilgan ishimdan juda pushaymonman”, deydi jinoyatga qo‘l urganini tan olgan Murod ismli shaxs.
Xo‘sh ular qalbaki dollarlarni qayerdan olgan?
Xabarda aytilishicha, ular o‘z yashash manzillarida printer orqali qalbaki AQSH dollarlarini tayyorlashgan. Qalbaki pullarning orasiga rangli qog‘ozlarni kiritib, ustaomonlik bilan qadoqlashadi.
Olingan ashyoviy dalillar Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ekspert-kriminalistika markazi tomonidan tekshirildi.
“O‘tkazilgan tadqiqotga asosan taqdim etilgan ashyoviy dalillar qalbaki ekani aniqlandi”, deydi markaz katta inspektori G‘ayrat Nabiyev.
Mazkur holat yuzasidan Turkiya fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda. Ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tayinlangan.
LiveBarchasi