Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazidagi “o‘yinlar” (video)
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
10345Nig‘matilla Yo‘ldoshev Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida bo‘lgan “o‘yinlar” haqida gapirdi.
Bosh prokurorga ko‘ra, Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazi mansabdorlari, bank xodimlari tomonidan bir necha milliard so‘m mablag‘lar ochiqdan-ochiq o‘zlashtirgan. Shundan 636 mln so‘m mablag‘ bosh hisobchining qarindoshlariga qarashli firmalarga amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar hamda yetkazib berilmagan jihozlar uchun o‘tkazib yuborilgan.
Bugun, 25 dekabr kuni Bosh prokuraturada Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiya holatlari hamda ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Tizim mutasaddilari bilan mavjud muammolar yuzasidan gaplashilsa, “pul yo‘q, mablag‘ yetishmaydi” degan bahonalarni qilishadi. Vaholanki, sohani o‘zini o‘zi moliyalashtirishning yagona manbai – pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, intizom va tartib bo‘shashib ketgan. E’tiboringizni aniq raqamlarga qaratsam.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazi direktori M., o‘rinbosari P., bosh hisobchisi S. va bank xodimlari, jami 12 nafar shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, 15,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirganliklari aniqlandi.
Shundan, e’tibor bering, pullik xizmatdan tushgan 13,2 mlrd so‘m bankka topshirilmasdan, 1,1 mlrd so‘m esa, xodimlarning ish haqlari g‘aznadan ochiqdan-ochiq o‘zlashtirilgan.
Bu ham yetmaganidek, bosh hisobchi S.ning ukasi K., singlisi X. Va qarindoshi M. rahbarligidagi korxonalarga amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar hamda yetkazib berilmagan jihozlar uchun 636 mln so‘m o‘tkazilib, suv va havodek zarur mablag‘lar talon-taroj qilingan. Mana sizga bitta muassasadagi haqiqiy holat”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 nafar mas’ul mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.
LiveBarchasi