Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bank sohasidagi tadqiqotlar uchun berildi
Olam
−
10 Oktabr 2022
2868Iqtisodiyot bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofoti amerikaliklar: AQSH Federal zaxira tizimining sobiq rahbari Ben Bernanke, Duglas Diamond va Filipp Dibvigga nasib etdi Ular mukofotni banklar va moliyaviy inqirozlar bo‘yicha tadqiqotlari uchun olishdi.
“Iqtisodiyot bo‘yicha bu yilgi sovrindorlar Ben Bernanke, Duglas Diamond va Filipp Dibvig banklarning iqtisodiyotdagi o‘rni, ayniqsa moliyaviy inqirozlar davridagi tushunchalarini ancha yaxshiladilar. Ular olib borgan tadqiqotning muhim xulosasi – nima uchun banklarning qulashiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligidan iborat”, deyiladi Nobel qo‘mitasi matbuot xizmati bayonotida.
Ben Bernanke amerikalik iqtisodchi bo‘lib, 2006-2014 yillarda AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) raisi bo‘lib ishlagan. FZT rahbari lavozimini tark etgach, janob Bernanke iqtisodiyot sohasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanyapti.
Duglas Diamond va Filip Dibvig – amerikalik olimlar. Ular likvid bo‘lmagan aktivlar va likvid majburiyatlarning kombinatsiyasi omonatchilarda vahima qo‘zg‘atishi mumkinligini ko‘rsatadigan Diamond-Dibvig modelining hammuallifidir.
Eslatib o‘tamiz, kimyo bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti amerikalik Karolin Bertotssi, daniyalik Morten Meldal va amerikalik Barri Sharplessga berildi. 4 oktyabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Alen Aspe, Jon Klauzer va Anton Saylingerga berildi. 3 oktyabr kuni esa fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti shved biologi Svante Peaboga topshirildi.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bu yil fransuz yozuvchisi Anni Ernoga berildi. Tinchlik bo‘yicha Nobel esa Rossiya, Belarus va Ukraina huquq faollari – "Memorial" Rossiya inson huquqlari jamiyati, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi jamoat tashkiloti va "Vesna" Belarus inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga nasib etdi.