Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash choralari kuchaytirildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining “Birja a’zolari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qabul qilingan hujjatga muvofiq mazkur Qoidalarga “yuqori mansabdor shaxslarga yaqin bo‘lgan shaxslar”, “pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish”, "yuridik shaxsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi", “uchinchi tomon" tushunchalari kiritildi, shuningdek "yuqori mansabdor shaxslar” tushunchasi kengaytirildi.

Shuningdek Qoidalar 41-band bilan to‘ldirildi, unga muvofiq birjalar:

•    birja a’zolariga pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni mustaqil ravishda to‘xtatib turish, yuridik va jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini hisobga olish bo‘yicha operatsiyalar bundan mustasno;
•    va (yoki) pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkni ishga solmay to‘xtatib qo‘yish;
•    ulardan foydalanishga ruxsat berish va to‘xtatib turilgan operatsiyalarni tiklash imkoniyatini yaratib berishi shart.

Birjalar birja a’zosining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmasdan birjaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha zarur hujjatlar va ma’lumotni talab qilishga haqli.

Qoidalar 71 va 72-bandlar bilan to‘ldirildi, ularga muvofiq birja a’zolarining chet eldagi shu’ba korxonalari, filiallari va vakolatxonalari jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro standartlar va ular joylashgan mamlakat talablariga rioya qilishlari lozim. Agar bo‘lish mamlakatining qonun hujjatlarida yengilroq ichki nazorat chora-tadbirlari nazarda tutilgan bo‘lsa, ular mazkur Qoidalarga amal qilishlari kerak. Bunda birja a’zosi o‘zining chet eldagi shu’ba korxonalari, filiallari va vakolatxonalaridan ular joylashgan mamlakatlar tegishli choralar taqiqlanganligi sababli tegishli choralarga rioya qilish imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, birja a’zosining bosh ofisiga axborot berilishini talab qilishga majburdirlar. Birja a’zosining bosh ofisi bu haqda maxsus vakolatli davlat organiga xabar berishi shart.

Kiritilgan 81-bandda birjaning vakolatli xodimi birja a’zolarining rahbarlarini, benefitsiar mulkdorlarini va affillangan shaxslarini (agar mavjud bo‘lsa) identifikatsiyalashi va ularni ro‘yxat bilan solishtirishi kerakligi belgilangan. Birjaning vakolatli xodimi ular ro‘yxat bilan to‘liq mos kelgan taqdirda, bu haqida darhol maxsus vakolatli davlat organiga, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga hamda birja rahbariga xabar berishi shartligi ko‘rsatilgan.

Jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni identifikatsiyalashda zarur bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati belgilandi.

Mijozni lozim darajada tekshirish jarayonida olingan mijoz haqidagi ma’lumotlar mijoz so‘rovnomasida qayd etiladi.

Birjaning a’zosi, agar mijozni lozim darajada tekshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llash imkoni bo‘lmasa, mijoz bilan ish munosabatlariga kirishni rad etishi va (yoki) mavjudlarini to‘xtatishi, shuningdek maxsus vakolatli davlat organiga shubhali operatsiya to‘g‘risida xabar yuborishi shart.

Birjalar oshkor qilmaslik va saqlash muddatlari bo‘yicha talablarga rioya etgan holda barcha hujjatlarning elektron nusxalarini saqlashlari mumkin. Mijozning lozim darajada tekshirilganligi haqida, shu jumladan mijozning so‘rovnomasidan ma’lumot uchinchi tomonlarga ularning so‘roviga binoan berilishi mumkin.

Shuningdek boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat iqtisod

Baholaganlar

48

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing