Iqtisodchi O‘zbekistondagi blekaut oqibatlari narx-navoda bo‘y ko‘rsatishni boshlaganini aytmoqda
Biznes
−
26 yanvar 2022
13962Blekaut bartaraf etilgani bilan uning ortidan tug‘ilgan muammolar kichik va o‘rta biznesga, shuningdek oddiy odamlarning kundalik turmush tarziga, hatto, xonadoniga kirayotgan ikki dona noniga nisbatan ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozmoqda.
“Albatta, hali mutaxassislar blekautning qiymati, iqtisodiyotimizga bevosita va bilvosita yetkazgan zararini (ular orasida milliy energetikamiz infratuzilma va texnologiyalariga yetkazilgan shikastni bartaraf etish, debeti tushib ketgan gaz va neft konlarini yana qayta tiklash, magistrallardagi texnik bosimni joyiga qaytarish kabilar ham bor) hisoblab chiqishlari uchun biroz vaqt kerak.
Lekin bugunning o‘zida uning tovar va xizmatlardagi qiymat oqibatlarini ko‘rishni boshladik. Poytaxtda va viloyatlarda gazga moslashgan qator yemakxonalar, ayniqsa, osh va umumiy ovqatlanish markazlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Agar vaqtincha cheklov cho‘ziladigan bo‘lsa, umumiy ovqatlanish korxonalari yangi vaziyatga tezroq ko‘nikishlari va muqobil yoqilg‘idan foydalanishni boshlashlari kerak bo‘ladi”, deydi Bakirov.
Uning qayd etishicha, gaz shoxobchalaridagi vaqtincha cheklov shahar taksisi, viloyatlararo yo‘lovchi tashish, yetkazib berish xizmatlari narxlarini 15-20 foizga qimmatlashtirgan.
Shuningdek, novvoyxonalar yetkazib berayotgan non va patirlar narxida ham o‘zgarishlar bor.
“Milliy sanoatda gaz va elektrni eng ko‘p iste’molchisi bo‘lgan sement zavodlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar, tekstil ishlab chiqarish sikliga jiddiy ta’sir oqibatlarini boshdan kechiradi.
Parrandachilik fermalari, issiqxonalar, limonariylar, oziq-ovqat mahsulotlari sexlarining isitish, yaratish va yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlari oshadi va bu tovuq go‘shtidan tortib pomidorgacha albatta tannarxda o‘tiradi”, deydi iqtisodchi.
Uning ta’kidlashicha, yanvar oyining inflyatsiyasi kutilmagan blekaut voqeligi omilini ham o‘z ichiga oladi.
“Konets sveta”
Kecha, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. Elektrdagi uzilish suv ta’minotini ham to‘xtatib qo‘ydi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha ayeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.
LiveBarchasi