IIV vafot etgan fuqaroning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi
3-sahifa
−
21 iyun
20720Ichki ishlar vazirligi IIB xodimlari kaltaklashi oqibatida vafot etgani aytilayotgan fuqaroning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning qayd etishicha, hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olingan bo‘lib, guvohlar hamda voqea ishtirokchilarining ko‘rsatmalari tekshirilmoqda, tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlangan.
“Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’i nazar favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilarini, shu jumladan har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi. Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirligi va shaxsiy tarkibi nomidan vafot etgan fuqaroning yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirishimizni ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 19 iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye”, “k”, “l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari 1981 yilda tug‘ilgan D.Yu. va 1978 yilda tug‘ilgan D.Yu. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘targani uchun jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Ushbu holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqaro D.Yu. sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etgani aniqlangan.
“Hozirda fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi IIBB xabarida.
LiveBarchasi