IIV radikal, diniy ekstremistik g‘oyalar targ‘iboti bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar yuzasidan ogohlantirish murojaatini yo‘lladi. Unda shunday deyiladi: 

“Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida turli radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar tarqalmoqda.

Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga turli radikal, diniy ekstremistik va islom diniga yot bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlarni tayyorlash, saqlash va tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-modda (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish), 2443-modda (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)larida belgilangan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiramiz.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini (jurnalist, bloger va fuqarolar) omma e’tiboriga havola qilinayotgan ma’lumotlarni avvalo qonunga xilof emasligini o‘rganib chiqishingizni so‘raymiz”, deyiladi ogohlantirishda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 156-moddasiga ko‘ra, Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, diniy e’tiqodiga yoki daxriyligiga qarab, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar, shuningdek, milliy, irqiy, etnik mansubligi yoki dinga munosabatiga qarab, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash yoxud ularga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish — ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda;
b) badanga og‘ir shikast yetkazgan holda;
v) fuqarolarni doimiy yashash joyidan zo‘rlik ishlatib ko‘chirgan holda;
g) mansabdor shaxs tomonidan;
d) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 2443-moddasiga ko‘ra, diniy mazmundagi materiallarni tarqatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ichki ishlar vazirligi

Baholaganlar

152

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing