IIV mitinglar to‘g‘risidagi qonunning Belarusdagi namoyishlarga aloqasi yo‘qligini bayon qildi

Jamiyat

image

Avvalroq, “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandan so‘ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining, ushbu qonunni qabul qilish zarurati Belarusda o‘tkazilayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng vujudga kelganligi to‘g‘risida turli fikrlar paydo bo‘lishni boshladi.

Qonun muallifi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mazkur fikrlar noo‘rinligini aytib, rasmiy bayonot berdi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligida yig‘ilish, miting va namoyishlar tushunchalari, ularni tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas. Mazkur huquqiy bo‘shliq hanuzgacha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida ko‘rsatilgan qoidalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon bermasdan kelmoqda.

Shuningdek, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 2019 yil 22 dekabrda mamlakatda o‘tkazilgan parlament saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotidagi kamchilik sifatida ham respublikada fuqarolarning ijtimoiy faolliklarini tartibga soluvchi birorta normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ko‘rsatilgan edi.

Shunga asosan, vazirlik tomonidan mazkur yo‘nalishdagi xalqaro (RF, AQSH, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston Qirg‘iziston, Qozog‘iston) tajribani chuqur o‘rgangan holda yuqorida ko‘rsatilgan qonun loyihasi ishlab chiqilgan. 

“Mazkur qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad, fuqarolarning o‘z ijtimoiy faolliklarini miting, yig‘ilish va namoyishlar ko‘rinishida amalga oshirishga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ma’lumot uchun, qonun loyihasiga muvofiq miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish qoidalariga amal qilinishini ta’minlash uchun to‘liq mas’uliyatni zimmasiga oladigan 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari miting, yig‘ilish va namoyishlar tashkilotchisi bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

IIV miting

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing