IIV xodimlari uchun xizmatdagi cheklangan yosh belgilandi

Jamiyat

image

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berishicha, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasidagi (Ichki ishlar organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash va lavozimidan ozod etish) to‘rtinchi va beshinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etiladigan bo‘ldi: 

“Viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Tumanlar va shaharlar ichki ishlar boshqarmalarining (bo‘limlarining) boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining, viloyat ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi”.

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasidagi (Ichki ishlar organlaridagi xizmatga qabul qilish) to‘qqizinchi qismida “Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan fuqarolar, shuningdek sodir etgan jinoyati uchun qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallanganligidan yoki olib tashlanganligidan va amnistiya akti qo‘llanilganligidan qat’i nazar muqaddam sudlangan fuqarolar ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin emas”ligi belgilab qo‘yildi.

Mazkur qonunning 30-moddasidagi (Ichki ishlar organlaridagi xizmat) o‘n birinchi va o‘n ikkinchi qismlari quyidagi mazmundagi o‘n birinchi qism bilan almashtirilib, unga muvofiq ichki ishlar organlarida xizmatda bo‘lgan xodimlarning unvoniga qarab, xizmatdagi cheklangan yoshi aniq belgilab qo‘yildi:

“Ichki ishlar organlarida xizmatda bo‘lishning cheklangan yoshi safdorlar va serjantlar tarkibi xodimlari uchun ellik yoshni, ofitserlar tarkibi uchun – ellik besh yoshni, generallar tarkibi uchun – oltmish yoshni, ayollarga esa (mavjud unvonidan qat’iy nazar) – ellik yoshni tashkil etadi”.

Ushbu moddaning o‘n uchinchi qismi “Yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega bo‘lgan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra xizmatni o‘tashga yaroqli xodimlarning xizmat muddati O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda ushbu xodimlarning roziligi bilan besh yilgacha, boshliqlar tarkibidagi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslarning xizmat muddati esa o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin”, deb tahrir qilingan.

Shuningdek, qonunning 31-moddasidagi (Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash) ikkinchi qism ham tahrir etilib: “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi IIV ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu muassasalarda o‘qitilmaydigan ixtisosliklar mustasno”, deya belgilab qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV

Baholaganlar

190

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing