IIV Islombek To‘laganovning ochiqqa chiqarilishiga izoh berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov ishi bo‘yicha 6 yilga qamalgan shu kollejning boshqa bir o‘quvchisi Islombek To‘laganov ozodlikka chiqqani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Islombek To‘laganovning ochiqqa chiqarilishiga izoh berdi.

Unga ko‘ra, Islombek To‘laganov Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi qaroriga ko‘ra, qamoqxonadan ozod qilingan va ayni vaqtda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazoratida o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tayapti.

Ma’lumot uchun, 2017 yilning 30 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi qarori bilan 1999 yilda tug‘ilgan Islombek To‘laganov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. U Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan aybdor deb topilgan va JKning 85-moddasi (voyaga yetmaganlarni ozodlikdan mahrum qilish) bilan jazolangandi.

Qayd etilishicha, Islombek To‘laganov o‘ziga tayinlangan jazoni Navoiy shahridagi 4-jazoni o‘tash koloniyasida o‘tagan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 90-moddasi 3-qimi “b” bandiga muvofiq Islombek To‘laganov o‘ziga tayinlangan jazoning to‘rtdan bir qismini o‘tagach, 2018 yil 20 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi To‘laganovga tayinlangan jazo turini almashtirgan. Sud ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘tab bo‘linmagan qismini aybdor daromadining 20 foizini davlat hisobiga olib qolish sharti bilan 4 yil 5 oy 15 kun axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirdi.

Sud ishni qayta ko‘rib chiqish jarayonida aybdor jazoni o‘tash koloniyasida tartibni buzmagani va mehnatdan bo‘yin tovlamaganini inobatga olgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Islombek To‘laganov shu kollejning boshqa bir o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovga 3 may kuni og‘ir tan jarohati yetkazgandi. Buning natijasida Jasurbek Toshkentning shifoxonlaridan birida hayotdan ko‘z yumgan.


Maqola muallifi

Teglar

Islombek To'laganov Jasurbek Ibrohimov

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing