Prokuratura Borovskiyning marhum o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimov ishini o‘rganib chiqdi

Jamiyat

image

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar va ba’zi internet saytlarida 2017 yilning may oyi boshida shafqatsizlarcha kaltaklanib, shifoxonada vafot etgan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning onasi O‘zbekiston Prezidentiga murojaat yo‘llab, o‘g‘lining ishiga shaxsiy aralashuvini so‘ragani haqida xabarlar tarqaldi. Jasurbekning onasi aybdor Islombek To‘laganov o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tamayotgani, balki o‘qishni davom ettirayotgani hamda o‘g‘lining jinoiy ishga biriktirilgan kasalliklar tarixiga oid hujjatlar yo‘qolib qolganidan shikoyat qilgan.

Toshkent shahar prokuraturasi Jasurbek Ibrohimovning onasining murojaatida keltirilgan holatlarni o‘rganib chiqdi.

Aniqlanishicha, JIB Mirobod tuman sudining 2017 yilning 30 oktyabridagi hukmi bilan 1999 yilda tug‘ilgan, Borovskiy Tibbiyot kolleji o‘quvchisi To‘laganov Islombek Abdujalilovich JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan JKning 85-moddasi asosida 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jazo muddatining boshlanishi 05.06.2017 yil, jazo muddatining tugashi 05.06.2023 yil.

2018 yilning 20 dekabrida Navoiy viloyati, Navoiy shahar sudining ajrimi bilan UYA 64/29-sonli muassasada jazo o‘tayotgan Islombek To‘laganov mazkur muassasa tomonidan keltirilgan jazoning o‘talmagan qismini yengilrog‘i bilan almashtirish haqidagi taqdimnoma asosida unga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan 4 yil 5 oy 15 kuni ish haqining 20 fozi davlat daromadiga ushlagan holda shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Islombek To‘laganov jazosi almashtirilganidan so‘ng 2018 yilning 27 dekabrida Mirzo Ulug‘bek tumani IIO Probatsiya guruhiga ro‘yxatga qo‘yilgan.

Joriy yilning 5 yanvar kuni shartnoma asosida “Feruz-1 kommunalchi” XUJMSHga ishga qabul qilingan. 1 mart kuni ushbu XUJMSH hisobida pul mablag‘i yo‘qligi sababli ishdan bo‘shatilgan.

13 aprel kuni “Navnixol kommunal” MCHJ Professional boshqaruv kompaniyasi (PBK)ga 15-sonli buyruq asosida ishga qabul qilinib, 0,5 stavka ishchi lavozimida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tamoqda.

Hozirda o‘talmay qolgan ATI jazosi 3 yil, 6 oy, 5 kunni tashkil qiladi.

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO Probatsiya guruhi katta inspektori A.Mirzarahmedov va Toshkent shahar IIB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i M.Umarov Islombek To‘laganovning yashash manzili Mirzo Ulug‘bek tumani, Feruza massivi, 51-uy, 25-xonadonga borib, u bilan qayta jinoyat sodir etmaslik to‘g‘risida profilaktik suhbat o‘tkazgan.

Shuningdek, o‘rganish davomida A.Rasulevning o‘g‘li Islombek To‘laganovni o‘qishini qayta tiklash to‘g‘risidagi arizasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.12.2012 yildagi 367-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida I.To‘laganovni o‘qishini P.F.Borovskiy tibbiyot kollejiga qayta tiklab, Olmazor Tibbiyot kollejining “Laborator diagnostika” yo‘nalishiga 2-bosqichning 2-semestridan o‘rnatilgan tartibda ko‘chirib, o‘qishini davom ettirishga qarshilik bildirilmasligi yuzasidan 02.04.2019 yilda Toshkent shahar kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi, P.F.Borovskiy tibbiyot kolleji va A.Rasulevga xat yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur xat asosida Olmazor Tibbiyot kolleji direktorining 05.04.2019 yilda 32-u-sonli buyrug‘i asosida I.To‘laganov ushbu kollejning “Laborator diagnostika” yo‘nalishiga 2-bosqich 214-guruh o‘quvchilari safiga qabul qilinib, 4-semestrdan o‘qishni davom ettirishga ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, marhum Jasurbek Ibrohimovga tegishli kasallik varaqalari qayerda ekanligi o‘rganilganda, quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Islombek To‘laganovga nisbatan jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergov jarayonida 19.08.2017 yilda jabrlanuvchi Jasurbek Ibrohimovning oq rangli maykasi va xavorang jinsi shimi, tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan 7-sonli SHKSH, 1-sonli SHBKSH, 2-sonli SHBJKSH va RSHTYOIM tomonidan yuritilgan kasallik tarixi hujjatlari va boshqa tibbiy hujjatlar ashyoviy va yozma dalil deb e’tirof etilib, jinoyat ishiga qo‘shilgan. (№1/17-226-sonli jinoyat ishining 4-jildi)

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2017 yil 30 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Islombek To‘laganov O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan mazkur modda bilan JKning 85-moddasini qo‘llagan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash, jazo muddatini 2017 yil 5 iyundan boshlab hisoblash belgilangan.

Islombek To‘laganovga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ashyo deb topilgan jabrlanuvchi Jasurbek Ibrohimovning oq rangli maykasi va havorang jinsi shimi jabrlanuvchi vakili Nilufar Aliyevaga qaytarilishi, jabrlanuvchiga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan 7-sonli SHKSH, 1-sonli SHBKSI, 2-sonli SHBJKSH va RSHTYOIM tomonidan yuritilgan kasallik tarixi hujjatlari va boshqa tibbiy hujjatlarni jinoyat ishida qoldirilishi belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 12 yanvardagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2017 yil 30 oktyabrdagi I.A.To‘laganovga nisbatan hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Hozirda vaqtda mavjud kasallik varaqalari JIB Mirobod tuman sudida ushbu jinoyat ishi hujjatlari bilan birga saqlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Islombek To'laganov Jasurbek Ibrohimov

Baholaganlar

458

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing