IIO xodimlarini obro‘sizlantirayotgan xabarlar qayerdan chiqayotgani ma’lum qilindi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2020
14166
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab tasvirlar va maqolalar joylashtirilmoqda. Bu borada Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov jurnalist va blogerlarga qilgan murojaatida ma’lum qildi.
Vazirlik matbuot kotibining yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy videolavhalar bilan birga, xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan salbiy holatlar, xato va kamchiliklar tasvirlangan kontent ham mavjud.
Mazkur ochiqlik o‘z o‘rnida xodimlarning jamoatchilik nazoratida ekanligini uqtirish bilan birga, xizmatdagi kamchiliklarini aniqlab, bartaraf etishga hamda tizimni nomunosib xodimlardan tozalashga yordam bermoqda.
"Ayrim holatlarda xodimlarning harakatlari ortidan piar qilish, haqiqatdan yiroq bo‘lgan bayonotlar orqali ularni obro‘sizlantirishga urinish, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan shaxsiy adovatni ijtimoiy tarmoqlar maydoniga chiqarish kabi nosog‘lom tendensiya ham kuzatilmoqda. Buning eng yomon tomoni, o‘z burchini sadoqat bilan bajarayotgan xodimlarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidir", deb yozgan Shohruh G‘iyosov.
Qayd etiliishcha, joriy yilning o‘zida, ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan 1470 dan oshiq ma’lumotlar tarqatilgan. Ushbu xabarlarning deyarli 60 foizi chet elda ro‘yxatdan o‘tgan akkauntlar orqali chiqarilgani ma’lum bo‘lgan.
"Ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi hech qachon bo‘lmaganidek ochiqlikni, shaffoflikni hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni namoyish etib kelmoqda. Ichki ishlar organlarining birorta sohasi yo‘qki, jurnalistlar yoki ijtimoiy tarmoq yurituvchilarining hamkorligini rad etgan bo‘lsa. Soha axborot xizmatlari o‘z faoliyatini nafaqat vazirlikning markaziy apparati, balki joylardagi barcha organlarda olib bormoqdalar", deyilgan murojaatda.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq yurituvchilarini sog‘lom va konstruktiv hamkorlikka chaqirgan. Sohadagi o‘zgarishlar, ijobiy ishlar bilan shaxsan tanishishlariga imkoniyat yaratib berilishini ma’lum qilgan.
Bunga javoban, ichki ishlar organlari bilan bog‘liq har qanday axborot yoki tanqidiy bayonot sub’ektivizmdan yiroq bo‘lishi hamda xolislik aks ettirilishi so‘ralgan.
LiveBarchasi