IIO xodimlariga BMW, Mercedes Benz va Ferrari olib berish kerak – Sherzodxon Qudratxo‘ja

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlariga eng so‘nggi rusumdagi BMW, Mercedes Benz va Ferrari avtomobillarini olib berish taklif qilindi. Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sherzodxon Qudratxo‘ja shunday fikr bildirdi.

“Men ko‘p chet elda yuraman, yaqinda Turkiyada bo‘ldim, eski binosining oldida xavfsizlik xizmati xodimlari chiroyli otlarda yuribdi.  Toshkentda ham ko‘rib qolaman — ko‘chalarimizda, bulvarlarimizda yigitlar, qizlar otda yursa, odamlarda yurtiga, tarixiga hurmat paydo bo‘ladi. Biz Amir Temur avlodlarimiz, Bobur Mirzo avlodlarimiz. Qonimizda qanday sarkardalar qoni bor”, degan Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Xalqaro press-klub raisi so‘zida davom etarkan, Dubayni ham misol qilib keltirdi. Uning ta’kidlashicha, Dubayda ichki ishlar organlari xodimlari eng oxirgi rusumdagi mashinada yuradi. O‘zbekistonda ham IIO xodimlariga avtomobillarning eng zo‘rlari berilishi kerak.

“Mana, Dubayda ichki ishlar organlari xodimlari eng oxirgi rusumdagi mashinada yuradi. Chunki jinoyatchiga yetvolishi kerak. Biz jinoyatchiga Lacetti’da yetib ololmaymiz. Kerak bo‘lsa, biz ham o‘nta eng kuchli BMW, Mercedes Benz va Ferrari’ning zo‘rlarini sotib olishimiz lozim. Chunki bilishlari kerak – davlat ulardan kuchli. Kerak bo‘lsa yetvoladi, topadi, to‘rtta yetti “nomer”ing bo‘lsa ham, sen bilan gaplashadi”, degan Xalqaro press-klub raisi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022 yildan boshlab jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi xodimlar, jumladan profilaktika inspektorlarining bir oylik maoshlari qariyb 10 million so‘mni tashkil qilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

832

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing