IIO xodimining qonuniy talabini bajarmaganlik uchun jarima oshiriladi

Jamiyat

image

Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarima miqdori oshiriladi. Bu haqda bugun, 28 may kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda huquqbuzarlar tomonidan jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash borasida xizmat olib borayotgan IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ortgan. Xususan, 2021 yilda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq 56 ming 474 ta huquqbuzarlik qayd etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 88 ming 401 ta, 2023 yilda 88 ming 988 ta, 2024 yilda 85 ming 278 ta holat kayd qilingan.

Shu munosabat bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sezilarli o‘zgartishlar kiritishga qaror qilingan. Xususan, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan shaxslarga belgilanadigan jazo miqdori ancha kuchaytiriladi.

Unga ko‘ra:

  • IIO va Milliy gvardiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun BHMning 5 baravaridan 12 baravarigacha (1 mln 875 mingdan 4,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima (amalda 1 baravari);
  • huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda BHMning 12 baravaridan 30 baravarigacha (4,5 mln so‘mdan 11 mln 250 ming so‘mgacha) miqdorda jarima (amalda 15 baravari) yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq tayinlanishi mumkin.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun Prezidentga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

jarima IIO xodimi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing