IIBga olib ketilgan 103 haydovchilarining huquqlari buzilganmi? Advokat holatni izohladi

Bu qiziq

image

Yo‘llarda kameralar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklar ortidan videomurojaat bilan chiqqan tez tibbiy yordam avtomobili haydovchilari va ularni videoga olgan shaxs ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Uchtepa tuman IIBga olib borilgan bo‘lsa, bu majburlovga xos harakat hisoblanib, ularning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqlari amalda cheklanishiga yo‘l qo‘yilganidan dalolat beradi. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

“103 haydovchilari Uchtepa tumani IIBga olib ketilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Unda ko‘rsatilgan holatlar ayrim haqli savollarni keltirib chiqardi, hamda agar ular o‘z tasdig‘ini topsa, bir qator protsessual qonunchilik talablari buzilgan deb hisoblash mumkin bo‘ladi. 

Birinchidan, “Bizga prezidentning siyosatiga qarshi chiqib noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganimizni aytib, hammadan ikki nusxadan tushuntirish xati olishdi” degan ma’lumotda, ichki ishlar xodimi qandaydir holatni avvaldan o‘zi aytib, tushuntirish xati yozdirib olishga erishganlikda ifodalangan JPKning 88-moddasi talablariga zid harakat mavjudligini ko‘rish mumkin.

Ikkinchidan, videoda qatnashgan va videoga olgan insonlar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Uchtepa tuman IIB ga olib borilgan bo‘lsa, bu majburlovga xos harakat hisoblanib, ularning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqlari amalda cheklanishiga yo‘l qo‘yilganidan dalolat beradi. Cheklanish paytidan boshlab advokat xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratib berilishi lozim edi degan haqli e’tirozni keltirib chiqaradi. 

Uchinchidan, Uchtepa tuman IIBda shaxsning identifikatsiyasini aniqlovchi ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lgani holda olib borilgan insonlarning fotosuratlari va barmoq izlari olinishida qanchalik zaruriyat mavjud edi? 

Agar ularning shaxsini aniqlashda zaruriyat mavjudligi vaji ilgari surilsa, 399-sonli qaror  (“Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori – tahr.) talablaridan kelib chiqqanda, 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechilmadimi yoki boshqa sabab bormi? 

Amalda barmoq izlari namunalari olishda alohida protsessual tartib mavjud. Xususan, JPKning 188-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tirik odamdan o‘zida uning xususiyatlarini aks ettiruvchi anatomik – teri naqshining chiziqlarini aks ettiruvchi namunalar olinishi mumkin. 

Bunda JPKning 191-moddasi talabiga ko‘ra, namuna olish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi, 197-modda talabiga ko‘ra, namunalar olish bayonnomasi tuzadi.

Albatta, bu protsessual harakat JPKning 329-moddasi talabidan kelib chiqqanda, tergovga qadar tekshiruv bosqichida emas, balki jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘ng amalga oshiriladigan harakat hisoblanadi.

Toshkent shahar IIBB holat bo‘yicha bayonot berib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borayotganligini tasdiqladi.

To‘rtinchidan, ichki ishlar xodimi tomonidan 15 sutkaga qamalishi mumkinligi haqidagi ma’lumot oshkora yangrashi – IIBga olib borilgan insonlarga psixologik bosim o‘tkazish, deb baholash mumkin. 

Beshinchidan, agar yolg‘on axborot tarqatganlik haqidagi qonunchilik talablari buzilganligi bilan bog‘liq tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgan bo‘lsa, muayyan haydovchining jarima to‘lash haqidagi xabarnomasini boshqa haydovchi yoki shaxs go‘yoki o‘ziniki kabi ma’lum qilganlik zamirida yolg‘on axborot tarqalganlik holati to‘liq ifodalanmaganligini ko‘rish mumkin. Chunki axborot ob’ektiv haqiqatga to‘g‘ri kelish-kelmasligi haqida xulosa qilishda, baribir haydovchiga nisbatan jarima fakti mavjudligidan kelib chiqilishi kerak deb hisoblayman”, deb yozgan advokat Abdullayev. 

Ayni vaqtda Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida yuqoridagi holat bo‘yicha sud majlisi o‘tkazilyapti. QALAMPIR.UZ muxbiri voqea joyidan tezkor xabar uzatadi. Saytimizni kuzatib boring. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 yanvar kuni Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima bayonnomalari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqqan edi. Ular chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtlarida tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarimaga tortilganlarini aytishgan. 

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘shma bayonot berdi.
Unda qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-1-moddasiga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning transportlari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transportlar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan huquqbuzarliklar avtomatlashtirilgan texnikalar orqali aniqlanganda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatilganda haydovchilarning qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi. 

Mazkur hujjatning 271-moddasiga ko‘ra, shaxs harakatni oxirgi zarurat holatida qilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas. Boshlangan ish esa tugatilishi belgilangan.

9 yanvar kuni 9 nafar tez yordam haydovchilari va Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji)ning 3 nafari xodimi Uchtepa tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, haydovchilarning 8 nafari qo‘yib yuborilib, murojaatni video tasvirga olgan Miraziz Samigov Uchtepa tuman IIBda olib qolingan.

Toshkent shahar IIB holatga izoh berib, Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing