Ichki ishlar muammo emas, uni aytganlar ketiga tushdi. 103 haydovchilari Uchtepa IIBga olib ketildi
Jamiyat
−
10 yanvar 2023
25585Kecha, 9 yanvar kuni yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun jarima bayonnomalarini olayotgani haqida videomurojaat bilan chiqqan 9 nafar tez yordam haydovchilari va Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji)ning 3 nafari xodimi Uchtepa tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Holat kecha, 9 yanvar kuni OAV xodimlari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanidan so‘ng sodir bo‘lgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga IIBga kirib chiqqan haydovchilardan biri xabar berdi. Ushbu ma’lumotni Maxsuslashtirilgan avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyev tasdiqladi.
Xabaringiz bor kecha, 9 yanvar kuni Toshkentda tez yordam haydovchilari videomurojaat bilan chiqib, ularga Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tez yordam avtomobilidagi qoidabuzarliklari uchun kameralar orqali tuzilgan ma’muriy bayonnomalar bo‘yicha jarima ma’lumotnomalari kelayotgani, ular aholining sog‘ligini saqlab qolish uchun yo‘l qoidalarini buzib, endi o‘z cho‘ntaklaridan jarima to‘lay olmasliklari haqida aytishgan edi.
Holat yuzasidan Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji)da matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi. Unda avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyev, Respublika tez yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘afurov, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarma boshlig‘i Ilhom Idirov qatnashdi.
QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilinishicha, ushbu matbuot anjumanidan keyin 9 yanvar kuni soat 18:40 da videomurojaat bilan chiqqan 8 haydovchi, ularni videoga olgan hamkasbi va avtokorxonaning 3 nafar xodimi Uchtepa tumani IIBga olib ketilgan. Avtokorxona rahbari Bahodir Teshaboyevning ma’lum qilishicha, haydovchilar qo‘yib yuborilgan, videoni tasvirga olgan haydovchi hamon Uchtepa tuman IIBda qolmoqda.
“Respublika tez yordam direktori, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarma boshlig‘i va ommaviy axborot vositalari ishtirokidagi matbuot anjumanidan so‘ng biz bilan alohida suhbat o‘tkazildi. Bizdan nima uchun video olganimiz va internetga chiqarganimiz qayta so‘raldi. Majlisda nafaqat Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji) rahbari Bahodir Teshaboyev, balki 102 xodimlari ham ishtirok etdi. Bizga Prezidentning siyosatiga qarshi chiqib, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganimizni aytib, hammadan ikki nusxadan tushuntirish xati olishdi”, deydi 103 haydovchisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, sodir etilgan holat yuzasidan ma’lumot berishi uchun kecha, 9 yanvar kuni Uchtepa tumani IIBga borishi aytilgan. 9 nafar haydovchi, Maxsuslashtirilgan avtokorxona texnik xodimi va yuristi IIBga olib borilgan.
“Soat 18:40 lar atrofida videomurojaatda chiqqan Miraziz, Bahodir, Shuhrat, Asad, Abdurauf, Saturin, Bahodir, Turg‘un doda va To‘lqin (videoda qatnashgan va videoga olganlar)ni Uchtepa tuman IIBga olib ketishdi. Jinoyatchilardek rasmga tushdik va barmoq izlarimizni ham olishdi. Ishxonada yozgan tushuntirish xatidan IIBda ham yozdik.
IIBga kirishda telefonlarimizni olib qolishgandi. Ichkariga kirayotganimni onamga ham ayta olmadim. Uydagilar IIBdan chiqib kelgunimcha hamma joyni qidirishgan. Onam meni topolmagach, qon bosimlari ko‘tarilib, shifoxonaga tushib qolganlar.
Biz bilan gaplashganlarning hammasi formada edi. Ulardan biri kelib, bizni 15 sutkaga qamashi mumkin ekanini aytdi. Ichki ishlar xodimlari biz Prezident siyosatiga qarshi ish qilganimiz va o‘zimizga tegishli bo‘lmagan jarima qog‘ozlarini ko‘tarib yolg‘on video tayyorlaganimizni aytdi.
So‘roq-savol vaqtida guruh bo‘lib 15 sutkaga qamalsak qiyin bo‘lishi, kimdir bo‘yiniga olishini aytishgandi murojaatimizni videoga olgan Miraziz Samikov “men qolaman” dedi va Uchtepa tuman IIBda qoldi va bugungacha telefonlari yoqilgani yo‘q. Qolganlar esa 22:00 lar atrofida chiqib ketdik”, deydi haydovchi.
103 haydovchisining QALAMPIR.UZ jurnalistiga aytishicha IIBda ularga jismoniy kuch ishlatilmagan.
“Videoda qatnashgan 8 nafar haydovchi qo‘yib yuborilib, videoni suratga olgan Miraziz Samigov, Maxsuslashtirilgan avtokorxona texnik xodimi va yuristi IIBda qoldi. Miraziz akaning telefonlari hali ham o‘chiq, uydagilar ham uni qidiryapti.
Biz haydovchilar savobli ishda ishlaymiz. Kimnidir onasi, kimnidir bolasi kasal bo‘lganda uning hayoti uchun kurashamiz. Biz jarimalarni to‘lamagan taqdirimizda ham qog‘ozbozlikni bizga yuklashlarini xohlamaymiz. Tan olish kerak, haydovchilar orasida jarimalarni to‘laganlar ham bo‘lgan. Hamma ishini yo‘qotishdan qo‘rqib bu gaplarni aytolmaydi”, deydi 103 haydovchisi.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji) rahbari Bahodir Teshaboyev bilan bog‘landik. Boshida xodimlar ishda ekanini aytgan Teshaboyev “Haydovchilar ichki ishlarga chaqirildimi?” degan savolni berganimizdan so‘ng, haqiqatdan ham haydovchilar Uchtepa tuman IIBga borib, ariza yozganlarini tasdiqladi.
“Kecha haydovchilar va korxonaning uch xodimini Uchtepa tuman IIBga olib ketishdi. Men IIB xodimlarining ishiga aralasholmayman va nega olib ketishganini ham bilmayman. IIBga borgan hamma kechqurun qo‘yib yuborilganidan xabarim bor. Kechasi bilan ishda bo‘ldim va uyga ketmadim.
Bugun ertalabdan korxona mexanigi Dilshod Qosimov, Kamol Mirzayev va haydovchi Miraziz Samigov (videoni tasvirga olgan – tahr.)ni chaqirishdi.
Kecha, haydovchilar Miraziz Samigov video murojaatni tayyorlashni tashkil qilganini yozib berishgandi. U shu sababli IIBga qayta chaqirilgan. Olib qolishmaydi, keladi”, deydi Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji) rahbari Bahodir Teshaboyev.
Eslatib o‘tamiz, murojaat yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Maxsuslashtirilgan avtokorxona (103 avtomobillari garaji) rahbari Bahodir Teshaboyev va Respublika tez yordam markazi rahbari Abduvoitjon G‘afurov haydovchilarning faoliyatiga hech kim xalal bermasligi va ularning xavfsizligi ta’minlanishiga va’da bergandi.
Hozircha Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilgani yoki haydovchilar Uchtepa tumani IIBda so‘roq qilingani haqida ma’lumot bergani yo‘q.
LiveBarchasi