Tez yordam haydovchilari jarimaga tortilmoqda. Ular videomurojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
09 yanvar 2023
12269Toshkentda tez yordam haydovchilari qoidabuzarliklar uchun jarima qog‘ozlari kelayotgani sabab videomurojaat bilan chiqdi.
“Chaqiruv bo‘yicha harakatlangan vaqtimizda tezlikni oshirish, “polosa”ni bosish, qizil chiroqda o‘tib ketganlik uchun jarima qog‘ozlari kelyapti. Jarimalarning summasi katta, bunga bizning oyligimiz ham yetmaydi. Jarimalar harakatimizni cheklab qo‘yapti. Shuning uchun o‘z vaqtida yetib borolmasak har xil gap-so‘zlar qilmaslikni iltimos qilamiz”, deyiladi videomurojaatda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra, tez tibbiy yordam avtomobilining haydovchisi Yo‘l harakati qoidalarining 25-bandi asosida belgilangan tartibda ayrim qoidalarning talablaridan chetga chiqishi mumkin.
“Bunday holatda maxsus kameralar orqali avtomobil qayd etilgan taqdirda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda, haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, holat batafsil o‘rganilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
LiveBarchasi