IIBdan o‘ligi chiqqan fermer ishi bo‘yicha yakuniy ma’lumot berildi
3-sahifa
−
03 aprel
15584Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o‘ldirilib ketilgani, uyi esa yoqib yuborilgani xabar qilingandi. 25 fevral kuni esa mazkur ish doirasida tergovga jalb qilingan 50 yoshli fermer Tohirjon Hayitov o‘lik holda oilasiga topshirilgandi. Keyinroq Tohirjon Hayitov yurak xurujidan vafot etgani va uning o‘limi bo‘yicha prokuraturaga so‘rov kiritilgani aytildi. Mazkur holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) yakuniy ma’lumot berdi.
Ombudsmanga taqdim etilgan yakuniy ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro Tohirjon Hayitovning joriy yilning 25 fevral kuni Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasida vafot etgani holati yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari yakunlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasining joriy yilning 17 mart kunidagi xulosasiga ko‘ra, Tohirjon Hayitovning o‘limiga gipertoniya kasalligi sababli yurak o‘ng qorincha old devorida mavjud bo‘lgan kardioskleroz o‘choq sohasidan yorilishi, yurak tamponadasi, ya’ni yurak xaltasining qon va qon laxtalari bilan to‘lishi va yurakning yurak xaltasida siqilishi oqibatida kelib chiqqan. Shuningdek, xulosada marhumning tanasida tan jarohatlari va uning qoldirgan izlari yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mazkur holatda biror-bir shaxsning harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli joriy yilning 25 mart kuni Jinoyat protsessul kodeksning 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Ma’lumot uchun, 15 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 42 yoshli ayol va uning bolasi o‘ldirilib ketilgan, uyi esa yoqib yuborilgan. 23 fevral kuni taxminan 12:00 larda mazkur ish doirasida Tohirjon Hayitov Uzun tumanidagi yashash uyidan tergovga olib ketilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 25 fevral kuni u o‘lik holda oilasiga topshirilgan. Hayitovning jasadi Sariosiyo tumanidagi o‘likxonadan topilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum T.I. koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, so‘ng asossiz ravishda intizomiy bo‘linmaga joylashtirilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




