IIBB tengdoshini tiz cho‘ktirib, tahqirlagan o‘smirlar bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida o‘smirlar tiz cho‘kkan tengdoshini tahqirlaganliklari tushirilgan video tarqalgandi. Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, joriy yil 13 aprel kuni internetda ushbu video paydo bo‘lgach, tahqirlangan voyaga yetmagan A.Sh.ning onasi Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB 9-son ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.

Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 25 mart kuni taxminan soat 15:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 219-son maktab yonida 17 yoshli Davron X. va 16 yoshli Otabek I. ularni so‘kkan A.Sh.ni ta’zirini bermoqchi bo‘lishgan. Ular rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan A.Sh.ni tiz cho‘kishga va kechirim so‘rashga majbur qilib, uning boshiga ikki marta urganlar. Shu bilan birga o‘smirlarda karantin davrida tibbiy niqoblari bo‘lmagan.

Belgilangan sud-tibbiy ekspertiza davomida A.Sh.da tan shikastlari aniqlanmadi. Shu sababli jinoiy ish qo‘zg‘atilmadi.

Ammo o‘smirlarning hatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) va 183 moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar kuzatilgan.

Mazkur faktlar asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. To‘plangan ma’lumotlar Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudiga yo‘naltirildi.

23 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani ma’muriy sudida yig‘ilish o‘tkazildi. Sud o‘smirlar va ularning ota-onalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar ko‘rsatmalari eshitilgach, sud Davron X. va Otabek I.larni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) va 183 moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularning har birlariga 1 115 000 so‘mdan jarima solgan.

Bundan tashqari, Davron X. va Otabek I. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBning profilaktik hisobiga kiritildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent mayda bezorilik

Baholaganlar

368

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing