Idlibda qurol-yarog‘ ombori portlab ketdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
12:53 332 2 daqiqa
Kecha, 9 sentyabr kuni Suriyaning Idlib viloyatidagi Sarmada shahri yaqinida qurol-yarog‘ va urushdan qolgan portlovchi vositalar vaqtincha saqlanadigan omborda portlash sodir bo‘lib, kamida 14 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Suriya davlat televideniyesi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sodir bo‘lgan portlash oqibatida yana 11 kishi jarohatlangan. Hodisa joyida yong‘in chiqib, quyuq tutun bir necha soat davomida hududni qamrab olgan.
Suriya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, jarohatlanganlar orasida harbiy xizmatchilar ham bor. Portlash Idlib viloyati shimolidagi Burj an-Nimra qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan.
Davlat axborot agentligi hodisa ortidan qutqaruv va favqulodda xizmatlar zudlik bilan voqea joyiga yuborilganini xabar qilgan. Biroq ombordagi ikkinchi darajali portlashlar yong‘inni o‘chirish ishlariga xalaqit bergan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni izlashda davom etmoqda. “Associated Press” muxbiri voqea joyida vayronalar orasidan inson jasadlari olib chiqilganini xabar qilgan.
Portlashga nima sabab bo‘lgani hozircha rasman ma’lum qilinmagan. Suriya 10 yildan ortiq davom etgan urushdan yaqindagina chiqqani sababli mamlakatda qurol-yarog‘ va portlovchi vositalar bilan bog‘liq bunday hodisalar tez-tez uchrab turadi.
Suriya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan ombor 2011–2024 yillarda davom etgan qo‘zg‘olon va fuqarolik urushi davridan qolgan qurol-yarog‘ hamda o‘q-dorilarni saqlash uchun foydalanilgan. Bu haqda “SANA” davlat axborot agentligi xabar bergan.
Bundan avval, 1 sentyabr kuni Idlib viloyatining Binnish shahrida o‘q-dori tashiyotgan transport vositasi portlagan. Suriya davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, o‘sha hodisada 5 kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi