IIV teraktlarga chaqiriq bo‘yicha muhim ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
03 aprel
16670Bugun, 3 aprel kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi terrorchilik xurujlari haqida tarqalgan chaqiriqlar haqida muhim ogohlantirish bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlaridan so‘ng, O‘zbekiston hamda qo‘shni davlatlar fuqarolariga internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va ko‘ngilochar markazlar, maktablar hamda boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda.
Qayd etilishicha, bu kabi provokatsion xabarlar asosan Telegram messenjeri orqali yuborilib, unda noma’lum shaxslar turli miqdorda pul to‘lash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va harakatlar rejasini yuborishga va’da berib, ushbu harakatlarga rad javobini e’tiborga olmaydilar. Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari ko‘p hollarda bolalarga yuborilmoqda.
Shuningdek, bolalarning shaxsiy ma’lumotlari orqali ularni qo‘rqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar o‘zlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar.
"Hurmatli fuqarolar! Agarda Sizga bu kabi xabarlar kelib tushsa vahimaga tushmang va ularni ochiq chatlar, tanishlaringiz va do‘stlaringizga yubormay, darhol "102" raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar bering. Xabar yuboruvchilarni bloklang va ular bilan yozishma yoki suhbatga kirishmang", deyiladi xabarda.
Eslatilishicha, firibgarlar jamoatchilik orasida vahima uyg‘otish uchun bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Ta’kidlash joizki, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Moskvadagi terakt haqida so‘z ochgan edi.