Ichki bozorlarga 37,5 ming tonna piyoz kiritilishi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qo‘shimcha talab etiladigan 37,5 ming tonna piyozni 1 aprelga qadar ichki bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Oziq-ovqat sanoati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otajon Pirmonov ma’lum qildi.

 23 yanvar kuni o‘tkazilgan monitoringlarda saralanmagan piyozning ulgurji narxlari o‘rtacha 6500 so‘mni, dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan maxsus rastalarda 5000 so‘mni, savdo markazlari va supermarketlarda 7700 so‘mni tashkil etgan. 

Bunda, piyozning ulgurji narxi 1 yanvar kuniga nisbatan 2900 so‘mga, maxsus rastalarda 2000 so‘mga, savdo markazlarida esa 3550 so‘mga oshgan.

Narxlarning oshishiga havo haroratining O‘zbekiston sharoitida anomal sovishi oqibatida dehqonlar ixtiyoridagi piyozning ustki qismi muzlagani hamda ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgani tufayli logistika narxlarining oshishi ta’sir etgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mahsulotni to‘liq nobud bo‘lishini oldini olish maqsadida ustki qismi muzlagan piyozni havo mo‘’tadillashguniga qadar joyidan qo‘zg‘atmaslik kerak. 

Bugungi kun holatiga ko‘ra, Hukumat qaroriga muvofiq hududlarda tashkil etilgan zaxiralarda 51 ming tonna, aholi xonadonlarida 200 ming tonna piyoz zaxirasi mavjud.

Qayd etilishicha, “Yashil yo‘lak” tamoyili asosida o‘tgan 25 kunda jami 5 ming tonna piyoz hududlararo intervensiya qilingan.

Jumladan, Navoiyda – 700 tonna, Namanganda – 630, Farg‘onada – 430, Andijonda – 410, Jizzaxda – 320, Buxoroda – 310, Xorazmda – 300, Sirdaryoda – 270, Toshkent shahrida – 240, Qashqadaryoda – 180, Qoraqalpog‘istonda –180, Toshkent viloyatida – 150, Samarqandda – 140, Surxondaryoda – 75 tonna piyoz intervensiya qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

bozor piyoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing