Ichimlik suvi quvurlari orqali vabo tarqaladimi? Mas’ul javob berdi
Jamiyat
−
22 iyul 2022
18260Shu kunlarda aholi orasiga ichimlik suvi quvurlari va jo‘mraklar orqali vabo kasalligi tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida mish-mishlar oraladi. Bugun, 21 iyul kuni “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot kotibi Akmal Murodov mazkur mish-mishlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi.
“Ushbu mish-mishlar mutlaqo asossiz. Fuqarolarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini va jo‘mraklardan suv ichmaslik to‘g‘risidagi chaqiriqlarga quloq solmasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi Akmal Murodov.
Qayd etilishicha, markazlashgan suv ta’minotidagi suv sifati suv manbasining yuqori oqimidan to iste’molchi uyidagi jo‘mragigacha bo‘lgan harakati davomida kecha-yu kunduz nazorat qilinadi. Ushbu nazorat suvning maqbul organaleptik, kimyoviy va mikrobiologik xususiyatlarini baholashga imkon beradigan turli tadbirlar majmuasini o‘z ichiga oladi
Ichimlik suvi sifati respublikadagi 79 ta laboratoriya tomonidan kun-u tun har tomonlama nazorat qilinib, suv tarmoqlari yoki jo‘mraklar orqali biron-bir kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Laboratoriyalarimizda har oyda turli tahlillar uchun o‘rtacha 17 200 ta namuna olinadi. Ichimlik suvini aholiga yetkazib berishdan oldin suv suyuq xlor, natriy gipoxlorit, kalsiy gipoxlorit kabi xlorli reagentlar bilan zararsizlantiriladi”, deya ta’kidladi Akmal Murodov.
LiveBarchasi