Ibrohim Raisiy Putinga kim tarafida ekanini aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin eronlik mavqedoshi Ibrohim Raisiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, Eron Prezidenti 24 iyun voqealari munosabati bilan Rossiya rahbariyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Shuningdek, o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, savdo, energetika va transport sohalaridagi kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Putin va Raisiy xalqaro kun tartibidagi ba’zi masalalar, jumladan, Janubiy Kavkazda barqarorlikni ta’minlash va Suriya masalasini hal qilish masalalariga ham to‘xtalgan.

Vladimir Putin Eron rahbariyati va xalqini yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bilan tabriklagan. Shaxsiy aloqalarni davom ettirishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Nosir Kanani Rossiyada sodir bo‘lgan voqealar uning ichki ishi ekanini bildirgandi. Putin Qozog‘iston Prezidenti bilan gaplashganda ham Qosim-Jomart To‘qayev mazkur voqealar Rossiyaning ichki ishi ekanini aytdi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa Putinning har qanday qadamlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Prigojinning bir kunlik isyoni

Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Putin Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing