Ibrohim Raisiy Mirziyoyevga she’r va izhorlarga to‘la maktub yo‘lladi

Jamiyat

image

Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga davlat va hukumat rahbarlaridan tabrik maktublari kelishda davom etmoqda. Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy Shavkat Mirziyoyevga she’r va izhorlarga to‘la maktub yo‘lladi. Maktab avvali Hofiz Sheroziyning quyidagi misralari bilan boshlangan. 

Esar Navro‘z shamoli yellari yorim ko‘chasidan,

Yoq ey ko‘ngil chirog‘ini istasang gar madad undan.

Etakdan g‘am g‘uborin qoqqani chiqqin dalalarga,

Kirib gulzor aro o‘rgan g‘azal yozmoqni bulbuldan.

Raisiy Mirziyoyev va u orqali O‘zbekiston xalqini tabiatning uyg‘onishi va xijriy-shamsiy 1402 yilning boshlanishi, qadimiy Navro‘zning kirib kelishi munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etishdan benihoya mamnunligini bildirgan. 

“Bahor ona yer va tabiatning o‘zgarish pallasi, yangilanish va qayta jonlanish fasli, tafakkur ahlining borliq olamning ulug‘vor tabiiy jilvalaridan birini mushohada aylash vositasida o‘z Parvardigorlarining jamolini ko‘rish tomon intilishlaridan bir nishonadir. Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan boy madaniyat va sivilizatsiya ramzi hamda mehr-muhabbatga to‘la ko‘hna udum bo‘lmish Navro‘z esa ishq-muhabbatni esga soluvchi, yam-yashillik va musaffolikdan xabar beruvchi, qalblarni uyg‘otuvchi hamda Yaratganning zavol topmas kuch-qudratidan belgi beruvchi bir hodisadir.

Kutlug‘ Navro‘z sharofati bilan odamlarimizda va ularning qalblarida ulkan o‘zgarishlar yuz beradi. Navro‘zdan ildiz olgan azaliy tarixiy-madaniy mushtarakliklar vositasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish orqali xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida qadam tashlaymiz, deb umid qilaman. Bu yo‘nalishda Eron Islom Respublikasi mintaqa va jahonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida Navro‘z madaniy mintaqasining barcha mamlakatlari bilan yanada ko‘proq hamkorlik qilishga tayyordir.

Qodir Egamdan Siz, Janobi Oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyat, do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik ato etishini so‘rab, yangi yilning barcha uchun xayr-barakaga to‘la bir yil bo‘lishini tilab qolaman”, deyiladi maktubda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezident Jozef Bayden va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bayram tabrigini yo‘llagan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Navro'z Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing