“Ibodat qiling”. Pogba va Amad Diallo Falastinni qo‘llab-quvvatladi

Sport

image
0:00
0:00
download

Kecha, 18 may kuni “Manchester Yunayted” va “Fulxem” jamoalari Angliya Premer ligasining 37-turi doirasida o‘yin o‘tkazdi. O‘yin 1:1 hisobi bilan yakunlandi.

O‘yindan so‘ng MYU futbolchisi Pol Pogbaning muxlisi unga Falastin bayrog‘ini berdi. Pogba va jamoadoshi Amad Diallo bayroqni ko‘tarib Falastinni qo‘llab-quvvatladi.

“Falastin uchun ibodat qiling. Keling dunyoni zo‘ravonlikdan xoli va xavfsiz saqlaylik”, deb yozdi Pogba o‘yindan so‘ng o‘z Instagram sahifasida.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.

Isroil bilan davom etayotgan to‘qnashuvlar fonida Falastin Prezidentining din ishlari bo‘yicha maslahatchisi Mahmud al-Habbash mintaqada uzoq davom etadigan diniy urush boshlanishi xavfi mavjudligini ma’lum qildi.

Bu xabar ortidan AQSH Isroilni G‘azo sektoriga quruqlikdan hujum qilmaslikka ko‘ndirgani haqida yangiliklar tarqaldi.

Xalqaro munosabat

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi

Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Eron HAMAS tashkilotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Xitoy esa bu vaziyatda Falastinning yonidan joy olishini e’lon qildi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

30

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing