Human Rights Watch Qozog‘istonga talab qo‘ydi
Olam
−
02 fevral 2022
8649Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch kecha, 1 fevral kuni Qozog‘iston rasmiylariga murojaat qilib, tinch namoyishchilar va faollarni ta’qib qilishni zudlik bilan to‘xtatish, hamon hibsda saqlanayotganlarni ozod etish, kaltaklash va shafqatsizlikka chek qo‘yishni so‘radi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Bayonotda HRW Qozog‘istonda o‘nlab tinch namoyishchilar o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani va ularga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lingani, elektr toki bilan qiynoqqa solingani haqida “ishonchli xabarlar” olgani aytilgan. Shuningdek, unda Qozog‘iston hukumati joriy yil yanvar oyi boshidagi norozilik namoyishlari ortidan advokatlarning mahbuslar bilan uchrashishiga to‘sqinlik qilgani ham ta’kidlangan.
Aytish joizki, HRW Qozog‘iston hukumatini inson huquqlarining buzilishi, jumladan, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, shafqatsiz muomala, qiynoqlar, hibsdagi o‘lim va noqonuniy qotillik bo‘yicha tezkor, mustaqil va samarali tergov o‘tkazishga chaqirgan. Shuningdek, huquqbuzarliklarning barcha aybdorlari javobgarlikka tortilishi kerakligi ham ta’kidlangan. Bundan tashqari, HRW yanvar oyidagi namoyishlar va tartibsizliklar paytida hibsga olingan odamlarning ahvolini kuzata oladigan huquq himoyachilarining mamlakatga kiritishni talab qildi.
“Qozog‘iston rahbariyati huquqbuzarliklarni zudlik bilan to‘xtatishi, har bir mahbusning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashi, ularni qiynoqqa solgan va kaltaklaganlarni javobgarlikka tortishi kerak”, deydi HRW'ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.
Joriy yilning 20 yanvar kuni Yevropa parlamenti deputatlari yalpi majlisda Qozog‘istondagi so‘nggi tartibsizliklar sabab mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan rezolyutsiyada Qozog‘istondagi tartibsizliklar bo‘yicha xalqaro surishtiruv o‘tkazish va Yevropa Ittifoqi rejimi ostida inson huquqlarini jiddiy ravishda buzgan qozoq amaldorlariga sanksiya joriy qilishga chaqirilgan.
Bunga javoban Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yanvar oyi boshidagi tartibsizliklar bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazishni rad etdi. To‘qayev Yevroparlamentning 20 yanvardagi rezolyutsiyasini “noxolis va muddatidan oldin” deb atadi.
LiveBarchasi