Xalqaro maqom san’ati anjumani ikkinchi marta 2020 yil sentyabr oyida o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26 fevral kuni “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik. Davlat rahbari shu kunning o‘zida “II Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishga ham imzo chekdi. Farmoyishning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoyishi

O‘zbek milliy maqom san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, uning noyob namunalarini keng targ‘ib etish, yosh avlod qalbida san’atga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish, jahon hamjamiyatida maqom san’ati nufuzini yanada oshirish, shuningdek, navbatdagi Xalqaro maqom san’ati anjumaniga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3391-sonli qarori bilan Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan Xalqaro maqom san’ati anjumanini (keyingi o‘rinlarda Anjuman deb yuritiladi) ikkinchi marta 2020 yil sentyabr oyining birinchi yarmida o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 apreldagi “Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-3656-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga quyidagi vazifalar yuklansin:

•    Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini 2019 yilning aprel oyidan boshlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash;

•    o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Anjumanning aniq sanalarini 2019 yilning dekabr oyiga qadar belgilash;

•    2019 yil 1 apreldan boshlab respublika va jahon miqyosida Anjuman targ‘ibotini tashkil etish, uning doirasida o‘tkaziladigan tanlov shartlari va ilmiy-amaliy konferensiya mavzusini e’lon qilib borish;

•    2020 yil 1 iyunga qadar respublikamiz hududlarida maqom ansambllarining konsert dasturlari, “Yosh maqom ijrochilari”, bastakorlar o‘rtasida “Maqom yo‘lida yaratilgan eng yaxshi asar” kabi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovlari hamda taniqli maqomshunos olimlar, tajribali maqom ijrochilari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslarini tashkil etish va o‘tkazib borish;

•    2020 yil 1 avgustga qadar Anjuman doirasida “Maqom san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturini ishlab chiqish, shuningdek, Anjumanda ishtirok etadigan xorijiy hamda mahalliy musiqashunos va maqomshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ro‘yxatini shakllantirish;

•    Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyini ushbu san’atga oid tarixiy, ilmiy-ijodiy manbalar, qadimiy va zamonaviy cholg‘u asboblari va boshqa yangi eksponatlar bilan boyitish choralarini ko‘rish;

•    Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2020 yil 1 aprelga qadar Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tasdiqlasin.

4. Qashqadaryo viloyati hokimligi:

•    ikki oy muddatda Shahrisabz shahrida Anjumanni o‘tkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlari va ijtimoiy ob’ektlar barpo etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi;

•    2020 yilning 1 avgustiga qadar Shahrisabz shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishi, Anjuman o‘tkaziladigan sahna va maydonlarning talab darajasida tayyorlanishi;

•    O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Shahrisabz shahrining turizm salohiyatini oshirish, investitsiyalarni faol jalb qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning mart oyiga qadar zamonaviy servis xizmati ko‘rsatish imkoniyatlarini o‘zida jamlagan, barcha qulayliklarga ega zamonaviy binolar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, shuningdek, mehmonxonalar qurilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2020 yilning avgust oyiga qadar Shahrisabz shahri telekommunikatsiya tarmoqlarini Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish talablariga moslashtirish choralarini ko‘rsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

•    O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Shahrisabz shahri turizm infratuzilmalarini rivojlantirish maqsadida kreditlar va investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rsin, shuningdek, xorijiy mamlakatlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;

•    Qashqadaryo viloyati va maqom san’atining turizm sohasidagi reklama-axborot targ‘ibotini amalga oshirsin;

•    mehmonxona servis xizmatchilari va gidlarning sifatli faoliyatini tashkil etsin.

7. “O‘zbekkino” Milliy agentligi o‘z tizimi uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 2020 yil 1 aprelga qadar taniqli maqomshunos olimlar, maqom bastakorlari hamda hofiz va sozandalarining ibratli ilmiy, ijodiy faoliyati to‘g‘risida turkum hujjatli filmlar yaratsin va ularning namoyishini tashkil etsin.

8. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Anjumanni badiiy va ijodiy jihatdan yuqori saviyada tashkil etish maqsadida o‘zbek maqomi va boshqa xalqlarning turdosh musiqa janrlarini qamrab olgan xorijiy davlatlardagi xalqaro san’at festivallari tashkilotlari hamda markazlari bilan muntazam ijodiy hamkorlik o‘rnatsin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Anjumanga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev 

Toshkent shahri,
2019 yil 26 fevral

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident qarori Xalqaro maqom san'ati anjumani

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing