Gvardiola Xoland APL tarixidagi katta rekordlardan birini urishiga ishonyapti
Sport
−
24 Oktabr 2022
3967Angliyaning “Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Erling Xolandning APLda (Angliya Premer ligasi) bir mavsumda eng ko‘p gol urish borasidagi rekordni yangilashiga umid bildirdi. Bu haqda Gvardiolaning so‘zlariga asoslanib, “Goal” nashri yozmoqda.
Gap shundaki, jurnalistlar ispaniyalik murabbiydan Xoland APLda bir mavsumda 34 tadan ko‘p gol urib, Alan Shirer va Endi Koulga tegishli rekordni buzib tashlaydimi, deb so‘rashgan.
“Biz buni bilish uchun daho bo‘lishimiz shart emas. Agar, Xoland xuddi shu ritmda davom etsa, o‘rtacha mana shunday tezlikda o‘ynasa, u rekordni buzadi, albatta. Lekin bu futbol ekanini unutmasligimiz kerak. Unda siz ketma-ket to‘p kiritishingiz mumkin va bir-necha kundan so‘ng, gol urishdan to‘xtashingizning ham ehtimoli mavjud”, degan “Manchester Siti” ustozi.
Xosep Gvardiolaning qo‘shimcha qilishicha, uning qo‘l ostida o‘ynagan barcha kuchli hujumchilarda gol urish uchun ishtiyoq juda yuqori bo‘lgan va bu normal holat hisoblanadi.
“Men Erling bilan rekord haqida gaplashmadim. U ham boshqalar kabi jamoamiz yutqazganda xafa bo‘ladi. G‘alaba biz tomonda bo‘lganda esa xursandchilik qiladi. Faoliyatimda ko‘rgan barcha hujumchilar, xususan, Samyuel Eto'o, Lionel Messi, Robert Levandovski, Tomas Myuller va Serxio Aguero ularning barchasi gol urish uchun kuchli ishtiyoqqa ega. Xoland ham ular kabi bo‘lishi kerak”, degan ispaniyalik murabbiy.
22 yoshli hujumchi joriy mavsumda “Manchester Siti” safida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urdi. Shulardan 17 tasi Angliya Premer ligasining 11 ta o‘yinida kiritilgan. 2022-2023 yilgi mavsum yakunlanishga 27 ta tur bor. Agarda, Xoland kutilmagan jarohatga yo‘liqib qolmasa, hozirgidan pastroq tezlikda ham Endi Koul va Alan Shirerga tegishli 34 ta goldan iborat dovonni zabt etadi.
Avvalroq, APL tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar kim ekanligi haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” Erling Xolandni 2022 yilning yozida “Borussiya Dortmund”dan 75 million yevro evaziga sotib oldi. Hozirda, “Transfermarkt” portali norvegiyalik futbolchini 150 million yevroga baholamoqda.