G‘uzorda 22 o‘quvchi paxta dalasiga sepilgan doridan zaharlandi
3-sahifa
−
13:23 1502 2 daqiqa
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 22 nafar o‘quvchisi paxta dalasiga sepilgan doridan zaharlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 23 sentyabr kuni soat 11:45 larda G‘uzor tumanidagi 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 21 nafar o‘quvchisi ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar bilan G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, maktab binosi joylashgan “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda “Shoxmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligiga tegishli jami 88 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 20 gektari maktab atrofida joylashgan. Mazkur yer maydonlariga paxta ekilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni soat taxminan 09:00 larda fermer xo‘jaligi tomonidan paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida “Agro Augron” nomli dori vositasi sepilgan. Buning oqibatida maktabda bo‘lgan 10–11-sinflarning 22 nafar o‘quvchisi havo orqali zaharlanganlik alomatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan, ularga birlamchi “Oshqozon dispepsiya sindromi“ tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda 7 nafar o‘quvchi G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasida statsionar davolanmoqda. Qolgan 15 nafar o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshilanganligi munosabati bilan ular yashash manziliga javob berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi (zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holatga huquqiy baho berish maqsadida tegishli ekspertizalar tayinlangan. Ayni vaqtda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yashar tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi kimyoviy vositani bilmasdan ichib qo‘yib, vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi