Gulnorani sog‘inganlar “O‘zbekkonsert”ga chaqirtirilib, suratlar o‘chirtirilyapti
Madaniyat-san’at
−
27 iyun 2019
41183Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hibslangan qizi Gulnora Karimova bilan uchrashganidan keyin O‘zbekistonning taniqli xonandalari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga xonim Karimova bilan tushgan suratini joylashtirib, surat ostiga “sog‘indik” qabilidagi so‘zlarni bitishgandi. Ular orasida ochiqdan-ochiq Karimovaga ozodlik so‘raganlar ham bo‘ldi.
San’at ahli vakillarining “opa”siga bo‘lgan namoyishkorona sog‘inchi QALAMPIR.UZ’ni befarq qoldirmay, maqola e’lon qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, maqola ham, suratlar ham “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbariyatining nazariga tushgan.
QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan xabarlarga qaraganda, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasiga Gulnora Karimova bilan suratini joylashtirgan xonandalarga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan, ko‘plari muassasaga chaqirtirilgan. Ularga Gulnora Karimovani qo‘llab-quvvatlashga cheklov qo‘yilgan.
Mazkur masalani o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ muxbiri “O‘zbekkonsert” DM direktori Odiljon Abduqahhorovga qo‘ng‘iroq qildi. Afsuski, bir necha bor qilingan urinishlar javobsiz qoldi. Shundan so‘ng, Konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Sayfullayev bilan bog‘landik. U bo‘lib o‘tgan voqealar, xususan Gulnora Karimovaning suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishda qaysidir xonandaga cheklov qo‘yilgani haqida ma’lumoti yo‘qligini ma’lum qildi.
QALAMPIR.UZ`ning keyingi qo‘ng‘irog‘i Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Furqat Shavazovga bo‘ldi. Mas’ul biz bilan suhbatni uzoqqa cho‘zmadi. Bu savollarga muassasa Matbuot xizmati xodimi javob berishini va uning o‘zi bizga qo‘ng‘iroq qilishini aytib, go‘shakni qo‘ydi. Oradan vaqt o‘tdi, biroq na Matbuot xizmati xodimidan, na “O‘zbekkonsert”ning boshqa mas’ulidan darak bor. O‘raga sichqon tushdi guldir-gup.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaning suratini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rayhon G‘aniyeva, Ziyoda Qobilova, xonandalar Jahongir Poziljonov, Umidaxon, aktrisalar Halima Ibragimova, Jamila G‘ofurova, Nargiza Salmonova ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joylashtirgandilar. Ulardan faqat Jahongir Poziljonov “opa”siga sodiq qolib, qo‘ygan suratini o‘chirib yubormadi. Yo “O‘zbekkonsert”ning gapi Poziljonovga o‘tmaganmikin?
LiveBarchasi