Gulnora Karimovaning Fransiyadagi aktivlari O‘zbekistonga qaytariladi
Olam
−
09 iyul 2019
8093Fransiya O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli aktivlarni O‘zbekistonga qaytaradi. Bu haqda RFI xabar berdi.
Bugun, 9 iyul kuni Gulnora Karimovaning Fransiyadagi mulklarini musodara qilish bo‘yicha qaror kuchga kirgan. Karimovaning Fransiya bo‘ylab uchta mulki bo‘lgan. Bular, Parijdagi kvartira, Sen-Tropedagi villa va Parij atrofidagi qasr. Ularni sotishdan tushgan pullar O‘zbekiston byudjetiga qaytariladi.
Qayd etilishicha, Fransiya hukumatining Karimova mulklarini musodara qilishiga Shveysariyada olib borilayotgan jinoyat ishi natijasida qabul qilingan. Fransiyada 2014 yilda “jinoiy guruh tarkibida noqonuniy topilgan pullarni yuvish” bo‘yicha ish ochilgandi. Ish Parij sudi moliya bo‘limi tergovchisi Serj Turnerga topshirilgan.
2014 yil 5 sentyabr kuni Turner Karimovaning kvartirasi, villa va de Grusse qasrini o‘z nazoratiga oldi. Fransiyaning biznes nashri “Challenges” ma’lumotiga ko‘ra, kvartira 31 million yevroga, qasr “Corse Matin”ga ko‘ra, 28 million yevroga, villa 2,4 million yevroga xarid qilingan.
Bugun sud tergovchisi Serj Turner va Fransiya milliy moliya prokuraturasi prokurori Nikolya Bayeto ushbu jinoiy ish “noqonuniy yo‘llar bilan topilgan daromadlarni olib qo‘yish” bo‘yicha mamlakatda bu tur ishlarning birinchisi ekanini aytib, muhim g‘alabaga erishilganini qayd etgan.
Fransuz tergovi yuqoridagi uchta mulk O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun berilgan korrupsion pullar evaziga sotib olingan, degan xulosaga kelgan. Pullar Shvetsiya, Rossiya va Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalardan olingan.
Bayetoning ta’kidlashicha, rasmiy Toshkentning Fransiyadagi Karimova mulklari bo‘yicha yakuniy qarori shu yili qabul qilingan.
Gulnora Karimovaning mulklari sotilgach, undan tushgan pullarning 2 mln yevrosi tergov harajatlari sifatida Fransiyada qoldiriladi. Qolgani O‘zbekistonga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yozida Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma’lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.
Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12 ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSH dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.
Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish uchun qaror chiqargan.
Shveysariya prokuraturasi bergan ma’lumotga ko‘ra, musodara qilingan pullarning 130 mln shveysar frankini (133 mln dollar) O‘zbekistonga qaytarish jarayoni boshlangan.
LiveBarchasi