Gulnora Karimovaning Britaniyadagi 3 ta mulki musodara qilindi
Jamiyat
−
09 avgust 2023
22378Gulnora Karimovaning Buyuk Britaniyadagi uchta hashamatli mulki musodara qilindi. Bu haqda Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi (SFO)ning Twitter sahifasida aytiladi.
Qayd etilishicha, kecha, 8 avgust kuni Oliy sudda Gulnora Karimovaning uchta hashamatli mulki musodara qilingan.
“O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Karimova va uning oilasi 20 million funt sterlinglik (taxminan 25 million dollar) mulkni korrupsion faoliyatidan tushgan daromadlardan sotib olgan”, deyiladi xabarda.
Ushbu mulklar uning Belgraviyadagi ikkita kvartirasi va Surreydagi uyi ekani keltirilgan.
SFO da’volariga ko‘ra, Karimova 2004-2012 yillar davomida telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirishiga yordam berish evaziga yuzlab million dollar pora olgan.
"Biz bugungi kunda ushbu mulklarni nazorat qilish uchun bir nechta offshor hisob va kompaniyalarni o‘z ichiga olgan murakkab moliyaviy yo‘lni tanladik. Bu qaror bizning ishimizda va Buyuk Britaniyadan pullarni yo‘q qilish bo‘yicha davom etayotgan harakatlarimizda oldinga qadamdir”, deydi byuro direktori Liza Osofskiy.
Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Buyuk Britaniya hukumatining vazirlik bo‘lmagan hukumat departamenti bo‘lib, Angliya, Uels va Shimoliy Irlandiyada jiddiy yoki murakkab firibgarlik va korrupsiyani tergov qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” oromgohi sotilmaydigan bo‘lgandi. Oromgohda mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud. Ushbu oromgohga 2017 yil 10 fevralda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan sanksiya qo‘yilgan.
LiveBarchasi