Gulnora Karimova sudda g‘alaba qozondi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – Fond Forum Vasiylik Kengashi raisi Gulnora Karimova Shveysariyada o‘tgan sudda g‘alaba qozondi. Bu unga 350 million dollarlik muzlatilgan aktivlarni blokdan chiqarishga imkon beradi. Federal apellyatsiya sudi Gulnora Karimovaning Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Takilant Ltd. kompaniyasi qonuniy benefitsiari ekani haqidagi da’vosini ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror chiqargan.

Sud tomonidan B. ismli o‘zbekistonlik shaxsga nisbatan jinoiy ish ochilgan. U Gulnora Karimovaga tegishli pullarning asl egasini yashirish maqsadida uning nomidan kompaniyalar ochgani uchun hujjatlarni soxtalashtirish va legallashtirishda aybdor deb topilgan.

“Bu – Gulnora Karimovaning muhim g‘alabasi”,  deydi uning advokati Greguar Manja elektron pochta orqali.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 11 sentyabr kuni Shveysariya O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish ayblovi bilan ochilgan ish doirasida olib qo‘yilgan 131 mln dollar atrofidagi pulni O‘zbekistonga qaytarishga rozi bo‘lgani xabar qilingandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

Joriy yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J. Abduraxmanov va B. Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

4498

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing