Gulnora Karimova Shveysariya sudida yutib chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Shveysariya sudida pora olgani bo‘yicha ochilgan ishda g‘alaba qozondi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Shveysariya apellyatsiya sudi shu hafta o‘z mamlakatida alohida korrupsiya mojarosidan so‘ng qamoqqa olingan Karimovani davlat amaldori emas, degan qarorga kelgan. Bu uning telekommunikatsiya shartnomalari evaziga noto‘g‘ri to‘lovlar olgani haqidagi da’volar isbotlanmaganligini anglatadi.

Qayd etilishicha, sudning bu qarori Karimovaga Shveysariya banklarida muzlatilgan 293 mln frank (303 mln dollar) ni qaytarishga imkoniyat beradi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

1717

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing