Gulnora $240 mln dollarlik ko‘chmas mulk saltanatini qanday qurdi? Yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

Tahlil

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum Vasiylik Kengashi raisi, ayni vaqtda qamoqda saqlanayotgan Gulnora Karimova Londondan Gonkonggacha bo‘lgan ko‘chmas mulk uchun 240 million dollar (200 million funt sterling) sarflagani aniqlandi. Bu haqda "Freedom For Eurasia" o‘rganishlari natijalari bo‘yicha e’lon qilingan hujjatda so‘z borgan

“Gulnora Karimova poraxo‘rlik va korrupsiya yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘ evaziga uy va samolyot sotib olishda Buyuk Britaniya kompaniyalaridan foydalangan”, deyiladi tadqiqotda. 

Britaniya kompaniyalari uchun ishlovchi, London va Britaniya Virjiniya orollarida joylashgan buxgalteriya firmalari ushbu bitimlarga aralashgan. Ushbu hisobot Britaniyaning noqonuniy mulklarga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlariga nisbatan shubha paydo qiladi.

Britaniya rasmiylari xorijiy jinoyatchilarning pul yuvish uchun Britaniyadagi mulklardan foydalanishi oldini olish uchun yetarli chora ko‘rmayotgani uchun tanqid qilib kelinadi.

“Karimovaning Britaniyada osonlik bilan mulk sotib olgani xavotirli hol”, deyiladi hisobotda.

Kompaniyalar uchun ishlaganlar ularning Karimovaga aloqador ekanini bilgani haqida ma’lumot yo‘q. Britaniyada bunday xizmat ko‘rsatganlar ishi surishtirilmagan va hech kim jarimaga tortilmagan.

"Karimova ishi eng yirik pora va korrupsiya ishlaridan biridir", deydi "Freedom For Eurasia" hisoboti mualliflaridan biri, Oksford universiteti tadqiqotchisi Tom Meyn.

"Freedom For Eurasia" tadqiqotchilari ko‘chmas mulk reyestrilari hujjatlarini o‘rganish orqali u hibsga olinishidan oldin shubhali fondlar orqali turli mamlakatlar – Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Dubay va Gonkongda kamida 14 ta mulk sotib olganini aniqladi.

14 mart kuni e’lon qilinishi kutilayotgan "Who Enabled the Uzbek Princess?" hisobotida London va uning atrofidagi 50 million funt qiymatdagi 5 ta mulkka e’tibor qaratiladi. Ular orasida Bukingem saroyi g‘arbida, Belgraviyadagi kvartiralar, Meyfeyrdagi uy va Surreydagi xususiy ko‘li bo‘lgan 18 million funtlik uy bor.

2013 yilda Karimova hibsga olinishidan oldin Belgraviyadagi ikkita kvartira sotilgan. 2017 yilda "Serious Fraud Office" Meyfeyrdagi uyni, Surreydagi uyni va Belgraviyadagi uchinchi kvartirani muzlatib qo‘ydi.

"Freedom For Eurasia" hisobotida, shuningdek, Karimova yoki uning sheriklari jinoyatdan tushgan mablag‘larni ko‘chmas mulk va shaxsiy samolyotlarga sarflashiga yordam bergani aytilayotgan London va Britan Virjiniya orollaridagi firmalar nomi ham keltiriladi.

Karimova bilan shaxsiy munosabatlari borligi aytib kelinadigan Rustam Madumarov va hozirda uning sheriklari ekani aytilayotgan boshqa shaxslar rasmiy hujjatlarda Britan Virjiniya orollari, Gibraltar va Buyuk Britaniyada joylashgan kompaniyalarning "benefitsiar egalari" (nazorat qiluvchi shaxs) sifatida qayd etilgan. Ammo hisobotda aytilishicha, ular Karimovaning faqat ishonchli vakillari bo‘lib, u firmalardan yuzlab million dollarni yuvishda foydalangan.

Karimovaga aloqador bo‘lgani aytilayotgan ikki kompaniya Panally Ltd va Odenton Management Ltd’ga ilgari Londonning Nyu-Oksford ko‘chasida joylashgan SH Landes LLP firmasi buxgalteriya xizmati ko‘rsatgan.

2010 yil iyul oyi oxirida SH Landes boshqa bir kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qildi. Maqsad $40 million dollarga xususiy samolyot sotib olish edi, Madumarov esa unga benefitsiar sifatida ko‘rsatilgan. Hisobotda aytilishicha, haqiqatdan ham bu xarid ortida Karimova turgan.

Gulnora Karimovaning Londonning Мейфэридаги sobiq mulkи жиддий фирибgaрликларни текширuвчи идора (Serious Fraud Office) tomonidan мuсодара etilgan

O‘sha paytda uning mablag‘lari manbasi haqida so‘ralganda, SH Landes shunday javob bergan: 

"Biz uning shaxsiy boyligi haqidagi savolni bu vaziyatda o‘rinsiz deb hisoblaymiz". 

Aftidan, bunga Madumarovning shaxsiy mablag‘idan samolyot sotib olish uchun pul ajratmagani sabab bo‘lgan.

Londonda joylashgan bu firma keyinchalik Madumarovning boyligi qisman O‘zbekistonda joylashgan Uzdunrobita uyali aloqa kompaniyasidan kelganini da’vo qildi. Kompaniyaning Karimova bilan ehtimoliy aloqalari haqida savollar allaqachon ko‘tarilgan edi. 2004 yilda "Moscow Times" gazetasida nashr etilgan maqolada Karimova soxta hisobotlardan foydalanib, "Uzdunrobita"dan 20 million dollarga yaqin pul o‘tkazib yuborgani aytilgan edi. Sobiq maslahatchi Karimovani "tovlamachilikda" ham ayblagan.

Bu O‘zbekistondek davlatning xavfli yurisdiksiyasiga aloqadaor bo‘lgan yirik bitim bo‘lganligi sababli, “SH Landes mablag‘lar manbasi qonuniy ekanligi va jinoiy yo‘l bilan o‘zlashtirilmaganiga ishonch hosil qilish uchun ehtiyotkorlik bilan tekshirishi kerak edi”, deb ta’kidlanadi hisobotda.

SH Landes, shuningdek, Panally Ltd kompaniyasining 2012 yilgi moliyaviy ma’lumotlarini ham e’lon qildi. Hisobotda aytilishicha, 2013 yil sentyabrida ularni Karimovaning yaqin hamkori: o‘sha paytda 30 yoshda bo‘lgan Gayane Avakyan imzolagan.

"Freedom For Eurasia" tashkiloti vakili Tom Meynning aytishicha, Karimovaning Buyuk Britaniyada shunchalik ko‘p mulk sotib olishi xavotirli holdir.

"Boshqa davlatlar unga tegishli bank hisoblari va aktivlarini muzlatib qo‘yganidan keyin yillarcha vaqt o‘tib, 2017 yilga kelibgina rasmiylar e’tibor berdi", deya qo‘shimcha qiladi u.

Gulnora Karimova qayerda? 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 2022 yilning 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi. Uning o‘g‘li Islom Karimov Londonda istiqomat qilmoqda. U uylangan, bir nafar farzandi bor. Qizi Imon Karimova ham Londonda o‘qishni davom ettirmoqda va u ba’zan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon Karimova buvisi Tatyana Akbarovna Karimova va xolasining qizi Maryam Tillyayeva bilan uzilib ketgan munosabatlarni tiklagan. 

Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonni tark etgan.  U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. Birinchi Prezidentning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilmoqda. U 26 avgust kuni 74 yoshni qarshilaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing