“Guantanamodagi vahshiyliklar”: Xitoy AQSHni javobgarlikka chaqirdi
Olam
−
21 yanvar 2022
8237AQSHning Guantanamo qamoqxonasi qonun ustuvorligini poymol qilish va amerikacha inson huquqlari buzilishining klassik ramziga aylangani sababli, Xitoy rasmiy Vashingtonni u yerda sodir etilgan vahshiylik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga chaqirmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan ma’lum qildi.
“Guantanamo AQSHda inson huquqlari uchun o‘chmas dog‘dir”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Guantanamo kabi qamoqxonalarda sodir etilgan vahshiyliklarni “Qo‘shma Shtatlarda inson huquqlari buzilishi haqidagi qorong‘u darslik” sifatida ko‘rish mumkin.
“AQSHning dunyo bo‘ylab xuddi shunday “qora qamoqxonalari” uzoq vaqtdan beri amerikacha uslubdagi qonun ustuvorligi va inson huquqlari buzilishining klassik ramzi bo‘lib kelgan. Bu qamoqxonalar amerikalik siyosatchilarning inson huquqlari haqidagi bayonotlari kontekstida katta istehzo bo‘lib, Amerikaning inson huquqlari bo‘yicha ikkiyuzlamachiligini fosh qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Chjao Litszyan Qo‘shma Shtatlarni Guantanamoda sodir etilgan vahshiyliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga hamda qurbonlardan kechirim so‘rashga va tovon to‘lashga chaqirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Guantanamo bazasidagi xalqaro terrorchilar uchun qamoqxona 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan keyin tashkil etilgan. Avvalroq, qator xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, YeXHT va BMT ekspertlari AQSHning yangi ma’muriyatini Guantanamo qamoqxonasida ko‘plab mahbuslar sudsiz saqlanayotgani va qiynoqlarga duchor bo‘lgani sababli uni zudlik bilan yopishga chaqirgan edi.
AQSHning sobiq Prezidenti Barak Obama 10 yildan ko‘proq vaqt oldin Guantanamo qamoqxonasini yopish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan, biroq Kongress qamoqxonani tugatishni moliyalashtirishdan bosh tortgani uchun uni amalga oshira olmagan. Uning vorisi Donald Tramp Obamaning buyrug‘ini rasman bekor qilgan. Bayden ma’muriyati qamoqxonani yopishni xohlayotganini aytgan, ammo bu qachon sodir bo‘lishini ochiqlamagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Guantanamo qamoqxonasida 39 mahbus qolmoqda, ulardan 27 nafari rasmiy ayblovlarsiz 15-20 yil davomida hibsda saqlangan.
LiveBarchasi