AQSH Guantanamodagi 11 mahbusni ko‘chirdi
Olam
−
07 yanvar
2801AQSH hukumati Guantanamodagi AQSH harbiy-dengiz kuchlari bazasida saqlanayotgan 11 mahbusni ko‘chirdi. Bu haqda kecha, 6 yanvar kuni AQSH Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Pentagonga ko‘ra, gap Yamandan kelganlar haqida ketmoqda. Ta’kidlanishicha, AQSHning milliy xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlab, ular qo‘shni Yamanga, Ummonga olib ketiladi.
“AQSH ma’muriyati Guantanamodagi mahbuslar sonini kamaytirish va qamoqxonani yopish maqsadiga erishishda ko‘rsatgan yordami uchun Ummon hukumatiga minnatdorlik bildiradi”, deya ta’kidlanadi Pentagon bayonotida.
Guantanamoda 15 mahbus qolmoqda
“The New York Times” gazetasining yozishicha, 11 yamanlikka nisbatan ayblov qo‘yilmagan, biroq o‘z mamlakatidagi fuqarolar urushi tufayli deportatsiya qilinmagan.
2024 yil dekabrida AQSH Prezidenti Jo Bayden Guantanamo qamoqxonasidagi to‘rt mahbusni ozod qildi. Hozirda Guantanamoda 15 kishi, jumladan, 2001 yil 11 sentyabr xurujlari tashkilotchisi, Xolid Shayx Muhammad ham hibsda qolmoqda.
U va uning ikki sherigi iyul oyi oxirida o‘lim jazosidan ozod qilish evaziga aybini tan olishga rozi bo‘ldi. Biroq, Pentagon rahbari Lloyd Ostin sudgacha bo‘lgan kelishuvlarni bekor qildi.
Bayden Guantanamo qamoqxonasini yopmoqchi edi
Kubaning Guantanamo shahridagi Vashington tomonidan ijaraga olingan harbiy-dengiz bazasidagi qamoqxona majmuasi Jorj Bush ma’muriyati tomonidan 23 yil avval, 11 sentyabrdagi teraktlardan so‘ng ochilgan edi. Hammasi bo‘lib, u yerda 779 kishi ushlab turilgan, ularning ko‘pchiligi hech qachon ayblanmagan.
Barak Obama 2007 yilgi saylovlar chog‘ida Guantanamodagi maxsus qamoqxonani yopishga va’da bergan, ammo AQSH Kongressidagi respublikachilar uning rejalariga to‘sqinlik qilgan. Bayden ham qamoqxonani prezidentlik muddati tugamasdan yopish niyatida edi.
O‘z navbatida, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 2018 yilning yanvar oyida o‘zining birinchi muddatida qamoqxonani yo‘q qilmaslik haqidagi farmonni imzoladi. U buni Amerika va xalqaro qonunlarga mos deb atadi. Guantanamo qamoqxonasidagi sobiq mahbuslar ularga nisbatan so‘roq qilishning taqiqlangan usullari, jumladan, uyqusizlik, haddan tashqari harorat, baland musiqa va cho‘ktirish simulyatsiyasi qo‘llanganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Londonda joylashgan CAGE inson huquqlari tashkilotining Guantanamo loyihasini amalga oshirish uchun mas’ul yurist Anas Mustafo Kubadagi Amerikaning Guantanamo qamoqxonasida mahbuslar qiynoqqa solinishi va insonning asosiy ehtiyojlaridan mahrum qilinishini aytgandi.
LiveBarchasi