AQSH hibsga olingan migrantlarni Guantanamo bazasiga yubordi
Olam
−
06 fevral 5476 3 daqiqa
Kecha, 4 fevral kuni AQSH rasmiylari oz sonli muhojirlarni Kubadagi Guantanamo qamoqxonasiga ko‘chirdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi rasmiylariga tayanib, “Amerika Ovozi” xabar berdi.
Ma’muriyat “yuqori xavf” deb hisoblagan 20 dan kam muhojirlar Fort Blissdan C-17 harbiy samolyotlarida uchib ketishgan.
AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ijtimoiy tarmoqlarda ayrim muhojirlarning harbiy yuk samolyotiga chiqishga tayyorlanayotgani aks etgan suratlarni joylashtirib, ularni deportatsiya qilish harakatlari endigina boshlanayotgani haqida ogohlantirdi. Keyinroq Ichki xavfsizlik departamenti Texasdan Guantanamoga uchayotgan harbiy reysdagi barcha muhojirlar Venesuelaning xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi “Tren de Aragua” ko‘cha to‘dasi a’zolari bo‘lganini aytdi. Rasmiylar hibsga olinganlar qachon va qanday qilib birinchi marta qamoqqa olingani haqida ma’lumot bermadi.
Avvalroq Oq uy “Tren de Aragua”ni xorijiy terrorchilik tashkiloti ro‘yxatiga kiritish rejasini e’lon qilgan edi. Prezident Donald Trampning o‘tgan oydagi buyrug‘iga ko‘ra, Pentagon hujjatsiz muhojirlarni saqlash muassasalarini kengaytirish uchun Guantanamoga 300 nafar dengiz piyodasini yuborgan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, ular harbiy-dengiz bazasining alohida qismidagi o‘ralgan hudud ichida muhojirlarni joylashtirish uchun chodirlar o‘rnatgan. “Fox News” xabariga ko‘ra, bu inshootlar hali muhojirlarni qabul qilishga tayyor emas.
“Qo‘shimcha kuchlar kiritilishi va Ichki xavfsizlik departamenti talablari asosida qo‘shinlar soni o‘zgarishida davom etadi”, dedi Janubiy va Markaziy Amerika hamda Karib dengizi mintaqalarini nazorat qiluvchi AQSH janubiy qo‘mondonligi.
Pentagon vakili esa “Amerika Ovozi”ga anonimlik sharti bilan 4 fevral kuni olib borilgan muhojirlar tergov izolyatorida saqlanishini ma’lum qilgan.
Guantanamo qamoqxonasining o‘zi harbiy asirlar va terrorizmda gumon qilinganlar, jumladan, 2001 yil 11 sentyabrdagi xurujlarda ishtirok etganlar saqlanishi bilan mashhur.
Mudofaa vaziri Pit Hegset shu hafta “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida “Agar siz biz yurtimizdan chiqarib yuborgan zo‘ravon bezori bo‘lsangiz, biz sizni mamlakatingizga qaytarishni kutayotganimizda, siz “Al-Qoida” uchun qurilgan kamerada bo‘lasiz”, deb aytdi.
O‘tgan oyda Tramp mudofaa va ichki xavfsizlik departamentlariga 30 ming muhojirni qabul qilish uchun Kubadagi AQSH harbiy-dengiz bazasini tayyorlashni buyurgan edi.
“Ularning ba’zilari [qo‘lga olingan muhojirlar] shunchalik yomon odamlarki, biz hatto [boshqa] mamlakatlar ularga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonmaymiz, chunki biz ularning qaytishini istamaymiz. Shuning uchun biz ularni Guantanamoga jo‘natmoqchimiz”, degandi Tramp.
Qayd etish joiz, demokrat prezidentlar Barak Obama va Jo Bayden ma’muriyati Guantanamodagi lagerni yopishga harakat qilgan. Qamoqxonaning o‘zi 2001 yil 11 sentyabr xurujlaridan ko‘p o‘tmay boshlangan AQSHning Afg‘onistondagi operatsiyalari ortidan 2002 yilda Jorj Bush ma’muriyati tomonidan qurilgan.
Human Rights First advokatlik guruhi prezidenti va bosh direktori Syu Xendrikson muhojirlarning Guantanamoga yuborilishini inson huquqlari falokati deb atadi.
“Tramp ma’muriyati muhojirlarni Guantanamoga jo‘natish ramzini juda jozibali deb topishi mumkin. Biroq amaliy natija yanada katta adolatsizlik va o‘z-o‘ziga ishonchni yo‘qotish bo‘ladi”, dedi Xendrikson.
Terrorga qarshi global urush davrida Guantanamoda 680 ga yaqin mahbus bor edi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 6 yanvar holatiga ko‘ra, muassasada atigi 15 nafar mahbus bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 1990 yillar boshida, harbiy-dengiz bazasi terrorizmda gumon qilinganlarni hibsga olish uchun foydalanila boshlagunga qadar, u Kuba va Gaitidan kelgan muhojirlarni joylashtirish uchun foydalanilgan.