“Guangzhou”da ishlagan xitoylik ota-bola tabiblar jazolandi

3-sahifa

image

Bundan 3,5 oldin, 2022 yilning 23 aprel kuni “Guangzhou medical of China” MCHJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Mazkur ish doirasida ushbu klinikada shifokor bo‘lib ishlagan Xitoy fuqarolari X.K. va uning o‘g‘li X.F.ga sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, X.K. va X.F. 2020 yil 7 dekabrdan 2022 yil 11 aprel kuniga qadar Toshkent shahar, Bektemir tumanida joylashgan “Guangzhou Medical of China” MCHJga qarashli “Guangzhou” klinikasiga murojaat qilgan bemorlarga tibbiy usuldan foydalanmagan holda tashxis qo‘yib, igna sanchish muolajasi va maxsus dori vositalari yordamida kasallikdan tuzalib ketishini aytgan. Biroq ular sifatsiz dori vositalarini aldov yo‘li bilan o‘tkazib, jabrlanuvchilardan olingan pullarni o‘zaro taqsimlab, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. X.K. va X.F. shu tariqa 100 kishini aldagan va pullarini olgan.

2024 yilning 20 oktyabr kuni 61 yoshli X.K. va uning o‘g‘li 31 yoshli X.F.ga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan. X.K. 2024 yil 19 dekabrda Qozog‘istonda ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. O‘g‘li ham 2024 yilning 27 noyabrida Qozog‘istonda ushlangan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Joriy yilning 29 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida jabrlanuvchilardan biri G.X. 2018 yildan buyon bel-umurtqa sohasida grija borligi sababli kuchli og‘riqlar sezishni boshlaganini hamda yo‘tal bezovta qilishini aytgan. Shuningdek, turli shifokorlarga murojaat qilib, shifo topa olmaganini, televizorda Xitoy halq tabobati asosida xitoylik mutaxassislar tomonidan bir qancha kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan “Guangzhou” Xitoy klinikasi haqida xabar topganidan so‘ng, ushbu klinikaga borgani va dastlabki ko‘rik uchun 50 ming so‘m to‘lov qilganini ma’lum qilgan. 

G.X.ning bildirishicha, xitoylik o‘rta yoshdagi erkak qo‘lidagi tomirini ushlab, qon bosimini o‘lchab ko‘rgan va bu kasallikni davolay olishini, 10 kun davolash kursi uchun muolaja narxi 2 mln 800 ming so‘m bo‘lishini, muolajani 2 mln 500 ming so‘mga arzonlashtirib berishi mumkinligini aytgan. G.X. 1 mln so‘m to‘lov qilganidan so‘ng unga ignaterapiya muolajasini qilishni boshlashgan. Bemor ertasi kuni qolgan 1 mln 500 ming so‘mni to‘lagan va unga 10 kunlik dorilar iste’mol qilish uchun berilgan. U 3 kun ignaterapiya muolajasini olib, berilgan dorilarni aytilgan vaqtda ichib kelgan, lekin o‘zida hech qanday ijobiy o‘zgarish sezmagan. Xususan, bel sohasidagi og‘riqlar ham to‘xtamagan. Sudda G.X. shundan so‘ng ushbu klinikaga qaytib bormaganini, ushbu klinikadan umuman shifo topmaganini, aksincha, uni aldab pulini olishganini aytib, unga yetkazilgan 2 mln 550 ming so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirib berishni so‘rab, ko‘rsatma bergan.

Ushbu klinikada jami 100 nafar bemor shu tariqa aldangan va “davolanish uchun” turli miqdorlarda pul to‘lagan. 

Sudlanuvchi X.K. sud majlisida aybiga iqror bo‘lgan. Uning ko‘rsatma berishicha, 2020 yilning noyabr oyida o‘g‘li X.F. bilan tanishlari L.J.Ch. va J.D. tomonidan tashkil etilgan “Guangzhou Medical of China” klinikasiga ishlashga kelgan. Ushbu klinikada u va o‘g‘lidan tashqari yana 4 nafar xitoylik va o‘zbek millatiga mansub boshqalar ham ishlagan. X.K. klinika yaqinida bo‘lgan ko‘p qavatli uydan ijaraga xonadon olib, o‘g‘li bilan yashagan va oyiga 1300 dollardan maosh olgan. Biroq J.D. maoshini vaqtida bermagani sababli ushbu klinikadan ketgan. 2022 yilning taxminan mart-aprel oylarida esa o‘g‘li bilan birga Xitoyga qaytgan. 

X.K.ning aytishicha, haqiqatdan ham ushbu klinikada ishlagan davrida bemorlarga tabiiy o‘tlardan tayyorlangan xitoy tabobatining dorilarini tavsiya qilib, berib kelgan. Lekin jabrlanuvchilarning hammasi bilan ham gaplashmagan. Shuningdek, u ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar qoplangani, u bemorlarga zaxarli yoki kimyoviy dorilarni bermagani va chet el fuqarosi ekani hamda yoshini inobatga olib, vataniga qaytishi uchun suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Sud hukmi bilan X.K. va X.F. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi va 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini, yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 2-qismi “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda X.K.ga BHMning 123 baravari (33 mln 210 ming so‘m), X.F.ga BHMning 112 baravari (30 mln 240 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilangan.

X.K. va X.F.ga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi "tilxat" ehtiyot chorasi qo‘llangan holda ular darhol sud zalida qamoqdan ozod qilingan. 

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan 381 mln 402 ming so‘m moddiy zararni Toshkent shahar IIBBning depozit hisobraqamida saqlanayotgan, dastlabki tergovda J.D. tomonidan to‘langan 300 mln so‘m hamda “Guangzhou Medical of China” MCHJda o‘tkazilgan tintuv davomida olingan 107 mln so‘m hisobidan qoplash belgilangan. 

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga olingan. Bu bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

klinika Guangzhou Guangzhou medical of China

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing