Gruziyadagi namoyishlarda xorij fuqarolari ham hibsga olindi

Olam

image

Gruziyadagi namoyishlar chog‘ida o‘n nafar xorij fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda “Imedi” telekanali xabar berdi.

Ular orasida sakkiz nafar rossiyalik, shuningdek, bir belaruslik va bir nafar amerikalik bor. Telekanal xabariga ko‘ra, ularning barchasi mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaslikda ayblanmoqda. Joriy yilning 28 noyabrdan beri mamlakatda noroziliklarning yangi to‘lqini bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, 30 noyabrga o‘tar kechasi Tbilisi, Batumi, Kutaisi, Poti, Telavi va boshqa shaharlarda namoyishlar qayta boshlandi. Davlat xavfsizlik xizmati bu harakatlarni hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish deb atadi. Ular, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish maqsadida isyon moddasi bo‘yicha tergov o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi.

Mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili parlamentni noqonuniy deb bilishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Zurabishvili qonuniy saylangan parlament bo‘lgunga qadar o‘z lavozimida qolish niyatida. U hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni keyinga qoldirish qarorini konstitutsiyaviy to‘ntarish deb atagan.

28 noyabrdan beri Gruziyada “Gruziya orzusi”ning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni kamida 2028 yil oxirigacha to‘xtatish haqidagi qarori munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Politsiya odamlarni tarqatish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda. Kamida 20 jurnalist va 42 politsiyachi jarohat olgani ma’lum. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi jarohatlangan namoyishchilar sonini oshkor qilmadi. Ikki kun davom etgan norozilik namoyishlarida 150 ga yaqin odam hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Davlat xavfsizlik xizmati Tbilisida parlament binosi yonida hukumatga qarshi namoyishlar Gruziyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga urinish bo‘layotganidan dalolat berayotgani haqida bayonot bergandi. DXXga ko‘ra, muayyan siyosiy partiyalar va nohukumat tashkilotlar Gruziyada hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishdan manfaatdor. Gruziya razvedka xizmati Jinoyat kodeksining “Gruziya konstitutsiyaviy tuzumini majburan o‘zgartirish maqsadida fitna yoki isyon” moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya namoyishlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing