Gruziyada yana namoyish. Bu safar “Misha”ga qarshi
Olam
−
16 Oktabr 2021
6347Bugun, 16 oktyabr kuni Mixail Saakashvili jazoni o‘tayotgan Rustavi shahridagi qamoqxona oldida Gruziyaning sobiq Prezidentiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda 100 dan ortiq odam ishtirok etdi. Ushbu jarayonlarni Gruziyaning Imedi telekanali jonli efirda namoyish etdi.
Qayd etish kerakki, ushbu telekanal Saakashvili prezidentligi davrida unga qarshi muxolif OAV hisoblangan.
“Mening orqamdagi muassasada bo‘lgan odam, ya’ni Mixail Saakashvilini nazarda tutyapman, hech qachon siyosiy mahbusga aylanmaydi. U jinoyatchi. Agar biz hamma narsani chetga surib qo‘ysak ham, u Gruziyaga terrorchi sifatida bostirib kirdi. Chegarani kesib o‘tish uchun unda jasorat ham yo‘q”, deydi miting ishtirokchilaridan biri Tornike Molashvili. Ushbu namoyishchining ukasi Saakashvilining prezidentligi davrida qamoqqa “tashlangan”.
Xabarga ko‘ra, qamoqxona yaqinida avtomobillar harakati to‘xtatilgan. Yaqin atrofda xavfsizlik kuchaytirilib, politsiya otryadlari soni oshirilgan. Namoyishchilar Saakashvilini ozod qilish talablariga qarshi ekanliklarini ma’lum qilishgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni sobiq Prezidentning minglab tarafdorlari “Mishaga ozodlik” hayqirig‘i ostida Gruziya poytaxti Tbilisi markazida namoyishga chiqqandi.
Ta’kidlash kerakki, Gruziyaning hozirgi darajasiga chiqishida possovet hududidagi eng kuchli reformator hisoblangan Mixail Saakashvilining xizmatlari katta. Biroq dadil islohotlar hamda korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashning ortidan “Misha” o‘ziga yarasha dushman ham orttirishga ulgurgan va aynan ular bugun sobiq Prezidentning ozod qilinishiga qarshi miting o‘tkazdi.
Ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida vatani – Gruziyaga qaytdi va oktyabr oyi boshida hibsga olindi. Unga nisbatan o‘z vatanida bir necha moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qidiruvga berilgani sabab qo‘lga olingan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarosi o‘zga yurtda hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
- Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
- o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi