Gruziya Bosh vaziri O‘zbekistonni tark etib, Turkmanistonga bordi

Olam

image

Kecha, 19 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili bugun, 20 iyul kuni Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Gruziya Hukumati portali xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari, qo‘shma loyihalar, shuningdek, Gruziya va Turkmanistonning tranzit salohiyati uchrashuvning asosiy mavzulari bo‘lgan. 

Tomonlar “Kaspiy va Qora dengizlar orqali Osiyo va Yevropa o‘rtasida yuk tashish samaradorligi va xavfsizligini oshirish” hamda “mintaqalararo munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashish”ga qaratilgan strategik loyihalarni amalga oshirish haqida so‘z yuritgan. 

Garibashvilining ta’kidlashicha, Gruziya hukumati yangi avtomobil va temir yo‘llarni qurishga katta mablag‘ ajratmoqda, shuningdek, dengiz portlari imkoniyatlarini kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. Bosh vazir Turkmaniston uchun Gruziya hududi orqali Qora dengizga olib boradigan yo‘lakdan foydalanish foydali bo‘lishiga ishonch bildirmoqda. 

Suhbat chog‘ida energetika sohasidagi strategik sheriklik masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Tomonlar mavjud hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirgan. 

Garibashvili Turkmaniston Prezidenti bilan uchrashuvni “samarali” deb baholamoqda. 

“Biz savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishning yangi imkoniyatlarini muhokama qildik. O‘zaro manfaatli maqsadlarga erishish uchun Gruziyaning strategik joylashuvi salohiyatini o‘rganish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kun tartibimizdagi eng muhim masala edi”, deb yozdi Gruziya Bosh vaziri uchrashuvdan so‘ng o‘zining Twitter’dagi sahifasida.  


Maqola muallifi

Teglar

Irakliy Garibashvili

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing