Gretsiyada “xavfli materiallar” olib ketayotgan Ukraina samolyoti halokatga uchradi (video)
Olam
−
17 iyul 2022
18511Ukrainaning “Meridian” aviakompaniyasiga tegishli An-12 yuk samolyoti kecha, 16 iyul kuni kechqurun Gretsiya shimolidagi Kavala shahri yaqinida halokatga uchradi. Bu haqda “Associated Press” mahalliy hokimiyatga tayanib xabar berdi.
Samolyot Serbiyadan Iordaniyaga uchayotgan edi. Halokatdan sal avval uchuvchi mahalliy aviadispetcherlarga dvigatellardan birida muammo borligi haqida ma’lum qilgan va favqulodda qo‘nishga ruxsat so‘ragan. Samolyot halokatga uchragunga qadar mahalliy aholi osmonda olovli sharni ko‘rgan. Samolyot aerodromdan 40 kilometr uzoqlikda qulagan.
“Katimerini” gazetasining yozishicha, manbalarga ko‘ra, bortda sakkiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda portlovchi modda ekanligi taxmin qilinayotgan 12 tonna “xavfli materiallar” bo‘lgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular halokatdan keyin ikki soat davomida portlash ovozlarini eshitishgan. Halokat sodir bo‘lgan joyga eng yaqin aholi punktlarida yashovchilardan uylarining derazalarini tun bo‘yi yopiq saqlash, ko‘chaga chiqmaslik va niqob taqish so‘ralgan. Rasmiylar samolyotda xavfli kimyoviy moddalar bo‘lgan-bo‘lmaganini bilishmaydi. O‘t o‘chirish bo‘limi halokat sodir bo‘lgan hududni o‘rab olgan.
LiveBarchasi