Gretsiyada futboldagi bezoriliklarga qarshi kampaniya ish boshlaydi
Sport
−
19 avgust 2023
2264Gretsiyada bo‘lib o‘tadigan futbol musobaqalaridagi bezoriliklar va muxlislar o‘rtasidagi janjallarga qarshi kampaniya ish boshlaydi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur masala yuzasidan Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Afinada UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin bilan uchrashgan. So‘ngra mamlakatdagi 4 ta yirik futbol klublari AEK, “Panatinaikos”, “Olimpiakos” va PAOK prezidentlari bilan bezorilikka qarshi kurashish choralarini muhokama qilgan.
Uchrashuvlar yakunida esa Gretsiya hukumati Cheferin “futbol saratoni” deb atagan bezorilikka qarshi qanday choralar ko‘rilishini aytib o‘tgan.
Unga ko‘ra, yangi qarorlar doirasida har bir klubda bittadan ortiq bo‘lmagan muxlislar guruhi bo‘lishiga ruxsat berilishi, ruxsat etilmagan muxlislar uyushmalari tugatilishi e’lon qilindi. Stadionga kirishda politsiya nazorati va muxlislar guruhlarini aniqlash ishlari olib boriladi, sportdagi zo‘ravonlikka qarshi kurashda Yevropaning boshqa davlatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Hukumat, agar kerak bo‘lsa, muammoga sabab bo‘lgan tarafdor guruhlar tomoniga ishlaydigan stadion xodimlari ishdan olinishi va to‘polon ko‘targan muxlislar ortiq o‘yinlarga kiritilmasligini ham qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, muammo tug‘dirayotgan klublarni yevrokuboklarga qo‘ymaslik kabi boshqa qattiq choralar ham ko‘rilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshadagi futbol uchrashuvida yuz bergan janjalda bir kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi oyog‘idan ayrilgan edi. Qayd etilishicha, “Radluva” stadionida yuzaga kelgan tartibsizlikda 100 ga yaqin ashaddiy muxlislar ishtirok etgan bo‘lib, ular beysbol tayoqlari va o‘tkir tig‘li jismlardan foydalangan.
LiveBarchasi